Prezident ish kunini mamlakatdagi ahvolni tanqidiy tahlil qilishdan boshladi

Bugun, yangi haftaning birinchi ish kunini erta tongdan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning chuqur tanqidiy tahlilidan boshladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bog‘liq holat hamda uni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar davlatimiz rahbari raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
Tadbir ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, prezident pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolayotganini aytdi. Jumladan, oxirgi to‘rt kunda mamlakat bo‘yicha yangi aniqlangan 2 136 nafar bemorning 1 218 tasi (ya’ni, 57 foizi) poytaxtimiz va Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi.
Koronavirusga shubha bo‘lgan barcha bemorlarni infeksiya mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, zotiljam va nafas yetishmovchiligining klinik belgilari mavjudligiga asoslangan holda davolash muassasalariga qabul qilinishi belgilandi.
Toshkent shahrida mavjud 16 ta klinikaga qo‘shimcha COVID-19ga shubhali bemorlar uchun mo‘ljallangan yana 7 ta 850 o‘rinli «provizor» klinikalar tashkil qilindi. Ushbu klinikalarning tibbiyot xodimlariga har bir ish kuni uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida ustama haq to‘lash masalasi hal qilindi.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlanidek, bugundan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlayotgan har bir maxsus shifoxonada alohida tijorat bankining kassalari tashkil qilinib, shifokorlarning 14 kunlik ish xaqini joyida olish tizimi joriy etiladi.
Koronavirusli bemorlar uchun ajratilgan shifoxonalarga qo‘shimcha 285 dona o‘pka sun’iy ventilyasiyasi apparati, 155 dona o‘pkani yordamchi nafas oldirish uskunasi, 140 dona kislorod konsentratori, 200 ta funksional yotoqlar bilan ta’minlandi, deya qayd etildi yig‘ilishda.

«O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida ushbu virusga shubhali bo‘lgan bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatuvchi 500 o‘rinli Taqsimlovchi markaz tashkil qilinmoqda.
Xususiy klinikalarga ham bunday bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga ruxsat berildi va hozirda ularning ro‘yxati tuzilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tuman bo‘limlariga koronavirusga PSR-analizi olishga va tahlil javobini Respublika agentligiga yubormasdan, bevosita bemorlarga topshirish tartibi o‘rnatildi va bu orqali tahlil javoblarini kutish davri qisqaradi.
Toshkent shahri tez tibbiy yordam stansiyasida operatorlarning mehnat sharoiti yaxshilandi va bir smenada faoliyat olib borayotgan operatorlar soni 40 tadan 100 nafarga yetkazildi. Stansiyaga qo‘shimcha elektr tarmog‘i ulandi, brigadalar soni 250 tagacha ko‘paytirildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati tez tibbiy yordam xizmati uchun jami 100 ta «Damas» ambulans mashinasi ajratildi, shulardan 25 tasi joylarga tarqatildi.
Poytaxt viloyatida koronavirus kasalligi gumonlangan shaxslarni davolash va nazoratini olib borish uchun 905 shifo o‘rin, diagnozi tasdiqlanganlar uchun 210 o‘rin statsionar shifoxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda va qo‘shimcha 350 zaxira o‘rin tayyorlab qo‘yildi.
«O‘ztelekom» korxonasi tomonidan uyali telefon apparatlari tarqatilmoqda.
Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash jarayoni uchun 49 xil turdagi dori vositalari zaxirasi uchun dastlabki 10 milliard so‘m pul ajratilishi rejalashtirildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanidek, 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirildi, murojaatlarning asosiy qismi kelib tushadigan vaqt oralig‘ida (soat 18:00 dan 24:00 gacha) eng tajribali operatorlar xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, pandemiyani jilovlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar joylarda tizimli yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini, ya’ni oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari aholiga yordam berish uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmagan.
Toshkent shahridagi 11 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy va 64 ta oilaviy polikinikada har birida 50 dan 200 nafargacha tibbiyot xodimi mavjud bo‘lsa-da, ularning aksariyati kunning faqat birinchi yarmida bemorlarni qabul qilishadi.
Har bir poliklinikada COVID-19 infeksiyasining yengil yoki simptomsiz kechayotgan bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatish uchun shakllantirilgan 3 ta shifokordan iborat maxsus mobil brigada biriktirilgan bo‘lishi kerak, ammo ayrim brigadalarda umuman vrach yo‘q.
Deyarli barcha poliklinikalarda rentgen-diagnostika kabinetlari mavjud, lekin ularning imkoniyatlaridan umuman foydalanilmayapti.
Agar ushbu poliklinikalar aholini samarali patronaj xizmatini amalga oshirsa, tabiiyki, 103 raqamli tez tibbiy yordamga bosim qisqaradi va aholi orasida sarosima yuzaga kelishining oldi olinadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va Sog‘liqni saqlash vazirligiga poytaxtdagi 75 ta polikinikaning imkoniyatlarini, ushbu muassasalarda faoliyat olib borayotgan 3 mingdan ortiq shifokor va hamshirani infeksiyaning yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda to‘liq safarbar qilish topshirig‘i berildi.
Shuningdek ushbu faoliyatga jalb qilinayotgan shifokor va hamshiralar mehnatini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter