Peruda koronavirus tufayli 17 nafar politsiyachi vafot etdi. Hukumat qanday chora ko‘rmoqchi?
Peruning yangi ichki ishlar vaziri Gaston Rodriges 17 nafar politsiyachi COVID-19 dan vafot etganidan keyin huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining sog‘ligini himoya qilish choralarini kuchaytirish niyatida ekanligini aytdi. Bu haqda mahalliy «Andina» yangiliklar agentiligi xabar bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Peruda mingdan ortiq politsiyachi yangi tipdagi koronavirusni yuqtirib olgan. Mazkur xabar paydo bo‘lgandan so‘ng ko‘p o‘tmay mamlakat prezidenti Martin Viskarra ichki ishlar vaziri del Karlos Moranni ishdan bo‘shatdi. O‘sha kuniyoq avval milliy politsiyaga rahbarlik qilgan, IIVning yangi boshlig‘i Gaston Rodriges Limo qasamyod qabul qildi.
Shanba kuni Rodriges koronavirus bilan kasallangan 17 nafar politsiyachi hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan vazir kelgusida kasallanishlar soni ko‘payishining oldini olish maqsadida zarur choralar ko‘rish kerakligini aytdi.
«Politsiya xodimlariga g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak. Buning uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz», — deya Rodrigesning so‘zlarini keltirgan «Andina».
Jumladan, Rodrigesning ta’kidlashicha, patrul xizmati xodimlari 50 million sol (14,7 million AQSh dollari) miqdorida sanitariya himoya vositalari bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, yaqin kunlarda politsiyaga COVID-19 ni tashxislovchi 200 mingta test topshiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Peruda 25 331 kishi koronavirusga chalingan, qariyb 700 kishi vafot etgan. Eng ko‘p kasallanganlar — 16 567 kishi mamlakat poytaxti joylashgan Lima hududida qayd etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter