Pekinda birorta ham koronavirusga chalingan bemor qolmadi
Pekinda ilk bor koronavirusga chalingan birorta ham bemor qolmadi — Xitoy poytaxtidagi oxirgi ikki bemor shifoxonadan tuzalib chiqdi. Bu haqda shahar gigiyena va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotlariga tayanib «TASS» xabar bergan.
Shu paytga qadar Xitoy poytaxtida koronavirusga chalingan 935 kishi ro‘yxatga olingan, ulardan 335 nafari iyunda «Sinfadi» ulgurji bozorida virus tarqalganda kasallikni yuqtirib olishgan. Hozir shaharda epidemiologik nazorat choralari yengillashtirilgan: ko‘chada niqob taqish shart emas, faqat jamoat transporti, do‘kon, kinoteatr, davlat idoralari va odam gavjum bo‘ladigan boshqa joylar bundan mustasno.
Statistikaga ko‘ra, Xitoyda kasallanganlarning 94,13 foizi tuzalgan. Dekabrdan buyon mamlakatda qariyb 90 mingta yuqtirish holati qayd etilgan, oxirgi yetti kun davomida 108 kishi koronavirusga chalingan. Shunga qaramay, 15-apreldan beri mamlakatda birorta ham o‘lim holati kuzatilmagan. Mahalliy tibbiyot muassasalarida koronavirusga chalingan 347 ta bemor davolanmoqda, ulardan yetti nafari og‘ir ahvolda.
Yangi tipdagi koronavirus chaqirgan COVID-19 pnevmoniyasi tarqalishi ilk bor 2019-yil dekabrda Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan. 11-mart kuni JSST pandemiyani e’lon qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter