Pandemiya davrida tez tibbiy yordamga murojaat ko‘paydi

Pandemiya davrida, ya’ni joriy yil 15-martdan bugungi kunga qadar aholi tomonidan qariyb 1 yarim million marta murojaatlar bo‘ldi. Bu mamlakatimiz bo‘yicha kuniga o‘rtacha 30 mingdan ziyod chaqiriq tushganini ko‘rsatadi. Hozirda yurtimiz bo‘ylab kuniga 2 yarim mingta brigada tunu kun samarali faoliyat olib bormoqda.
SSV xabariga ko‘ra, ushbu brigadalar pandemiya davrida koronavirus infeksiyasiga gumonlangan insonlarni karantinga joylashtirish, ushbu kasallikka chalingan bemorlarni maxsus shifoxonalarga yetkazishda kecha-yu kunduz faoliyat yuritishmoqda. Bundan tashqari, aholi tomonidan yo‘llangan chaqiriq manzillariga o‘z vaqtida yetib borish, zarur tez tibbiy yordam ko‘rsatish, og‘ir bemorlarni shifoxonalarga yetkazish borasida ham samarali ish olib borishmoqda.

Shu bois, davlatimiz rahbari kecha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ham pandemiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida chinakam qahramonlik ko‘rsatayotgan barcha shifokorlarimizga, shu jumladan, tez yordam xizmati xodimlari va haydovchilariga alohida minnatdorchilik bildirdi.
Ayni paytda avtomobillar parkining kengayishi, tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta ko‘rib chiqilib, aholi yashash punktlariga yaqinlashtirilishi tufayli chaqiriqlarga kechikib borish kabi qator muammolar ham bartaraf etildi.
Oxirgi uch yil ichida tez tibbiy yordam xizmatiga ajratilayotgan mablag‘ ham bir necha barobar oshdi. Jumladan, bitta chaqiriqqa tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ishlatiladigan dori vositalari uchun sarflangan mablag‘ning narxi 2016 yilda 800 so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, hozirda ushbu ko‘rsatkich 5800 so‘mni tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil so‘nggida poytaxtimizga xorijdan 150 ta «Ford» rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar olib kelinib, foydalanishga topshirilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter