Pandemiya davrida koviddan qancha tibbiy xodim vafot etgani ochiqlandi
Koronavirus pandemiyasi davrida – 2020 yil yanvardan 2021 yil may oyiga qadar ushbu xastalikdan dunyo bo‘yicha 180 mingga yaqin tibbiy xodim vafot etgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi. Mazkur muddat ichida sayyoramiz bo‘yicha COVID-19 kasalligidan jami 3,45 million kishi vafot etgan.
JSST buni fojiaviy yo‘qotish deb atar ekan, dunyo hukumatlarini tibbiy xodimlar salomatligini himoya qilish va ularni emlashga alohida e’tibor qaratishga undagan.
«Barcha tibbiyot xodimlarini himoya qilish, ularning haq-huquqlarini muhofaza etish, xavfsiz, qulay munosib ish sharoiti yaratish axloqiy burchimizdir. Emlanish imkoninii berish ham shu siraga kiradi», – deydi JSST boshqarma boshlig‘i Jim Kempbell.
Hisob-kitoblarga qaraganda, dunyo bo‘yicha 135 milliondan ziyod tibbiy xodim faoliyat yuritmoqda. Ular Xitoyning Uxan shahrida ilk koronavirus aniqlangan kundan boshlab, ta’bir joiz bo‘lsa, jang maydonida yovuz dushmanga qarshi mardona kurash olib bormoqda. Ammo jahon mamlakatlarida tibbiyotchilarni emlash ko‘ngildagidek kechmoqda deb bo‘lmaydi. 2021 yil sentyabr holatiga ko‘ra, Afrika va Tinch okeanning G‘arbiy qismidagi davlatlarda tibbiyot xodimlarining 10 nafardan bittasigina vaksina olgan. O‘ziga to‘q davlatlarda esa bu ko‘rsatkich 80 foizni tashkil etadi.
JSST bayonotiga ko‘ra, so‘nggi oylarda tibbiyot xodimlari orasida koviddan o‘lim ko‘rsatkichi kamaydi. Ammo xotirjam bo‘lishga hali erta. Xastalik yana bosh ko‘tarishi hech gap emas.
JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus ham tibbiy xodimlarga kovidga qarshi vaksina imtiyozli tartibda berilishi maqsadga muvofiq ekanini qayd etgan.
O‘zbekistonda ham pandemiya davrida koviddan o‘nlab shifokorlar vafot etgani aytiladi.
Toshkentlik shifokor gastroenterolog Gulnora Imomnazarova 2020 yil iyul oyida koronavirusdan vafot etgan tibbiyot xodimlariga oid shaxsiy ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Unda 40 dan ziyod tibbiyot xodimining nomi qayd etilgan.
2020 yil noyabr oyida Qashqadaryo hokimligi viloyatda 27 nafar shifokor va hamshira koronavirusga qarshi kurashish payti vafot etganini ma’lum qilgan.
«Fidokorlar» Telegram kanali esa 2020 yilda 485 nafardan ortiq tibbiyot xodimi vafot etgani haqida ma’lumot bergan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada rasmiy statistika e’lon qilganicha yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter