O‘zbekistonda majburiy emlash joriy qilinmaydi
Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida mamlakatimizda fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan, aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar keng muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri A. Xadjibayev va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i B. Yusupaliyevning axboroti eshitildi.
Majlisda deputatlar oxirgi vaqtlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari butun dunyoda, shu jumladan, mamlakatimizda ham yana ko‘paya boshlagani xavotirga sabab bo‘layotganini ta’kidladilar. Ayniqsa, aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash masalasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Ayrim deputatlar emlash tadbirlarini «majburiy tartibda» amalga oshirish zarurligini ta’kidlashdi. Ba’zilari esa, buni aksini aytishdi.
Muhokamalar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov quyidagilarni ta’kidladi:
Avvalo, ushbu masala, ya’ni aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi «majburiy emlash»ni joriy qilish, yalpi yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilmagan. Aksincha, emlash ishlarini tashkiliy jihatdan to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish, bu borada fuqarolarimizning xavfsizligini kengroq ta’minlash birinchi galdagi vazifa ekanligidan kelib chiqib, vaksinatsiya ishlarini muhokama qilish, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsad qilib olingan.
Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, ayni paytda mamlakatimizda amalda bo‘lgan «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunda fuqaroning o‘z ixtiyori bilan rozilik berishi tibbiy aralashuvning dastlabki zarur sharti ekanligi belgilab qo‘yilmagan. Shuningdek, fuqaro va uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega degan talab qat’iy mustahkamlab qo‘yilgan.
Xuddi shu kabi normalar boshqa bir qator qonunlarda ham mavjudligi emlash tadbirlarini majburiy tarzda amalga oshirish mumkin emasligini ko‘rsatadi. Ya’ni, emlash tadbirlarini majburiy amalga oshirish uchun avvalo, bir qator huquqiy hujjatlarga belgilangan tartibda o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish talab etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter