Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Musulmonlar idorasining koronavirus infeksiyasi bo‘yicha fatvosi e’lon qilindi

Musulmonlar idorasining koronavirus infeksiyasi bo‘yicha fatvosi e’lon qilindi

Xabaringiz bor, shu kunlarda butun dunyoda koronavirus infeksiyasining tarqalishi katta tahdidga aylandi. Bugungi kunda yurtimizda ham ushbu kasallik yuqqan fuqarolar aniqlandi.

Kuni kecha Bosh vazirimiz Abdulla Aripov boshchiligida koronavirus mavzusiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Ushbu kasallikni keng tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda. Xususan, turli ommaviy tadbirlar, sayllar, o‘yinlar bekor qilindi. Shuningdek, Hukumatimiz tomonidan barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha tavsiya etildi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazdi. Yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning fatvo va xulosalari o‘rganildi. Quyidagi fatvo qabul qilindi.

بِسْمِ اللَّـهِ الرَّحْمَـٰنِ الرَّحِيمِ

اَلْحَمْدُ لله رَبِّ الْعَالَمِينَ وَالْعَاقِبَةُ لِلْمُتَّقِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِ الله محمد وَ عَلَى آلِهِ وَ أَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ أَمَّا بَعْدُ

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha

FATVOSI

Dinimizda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim asoslardan biridir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariat o‘z ko‘rsatmalarini insoniyatga yengillatadi.

Ma’lumki, bugungi kunda jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus – COVID-19 ni pandemiya deb e’lon qildi. Ushbu kasallik asosan, havo-tomchi, qo‘l berib so‘rashish kabi holatlarda yuqadi. Shunday ekan, jamoa bo‘lib to‘planish holatlari ushbu xatarli virusning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda quyidagi oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi: Alloh taolo Qur’oni karimda shunday bayon qiladi:

وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ وَأَحْسِنُوا إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ

ya’ni: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radir” (Baqara surasi, 195-oyat).

Bu oyatda halokatga sabab bo‘ladigan ishlardan to‘xtashga buyurilgan.

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

لا ضرر ولا ضرار (رواه ابن ماجة والدارقطني )

ya’ni: “Zarar berish ham va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar (Imom Moja, Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Demak, hadisi sharifda inson o‘ziga yoki o‘zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo‘lishga buyurilgan.

Mo‘’tabar fiqhiy kitoblarimizda:

درء المفاسد مقدم على جلب المصالح

ya’ni: “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi”.

المشقة تجلب التيسير

ya’ni “Mashaqqat yengillatishni talab etadi” kabi fiqhiy qoidalar keltirilgan. Shulardan kelib chiqib, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda o‘z ko‘rsatmalarini yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi.

Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar yuz berganda, masalan, qattiq shamol, izg‘irin sovuq bo‘lganda masjid jamoatiga chiqmaslik uzr hisoblanadi. Bunga quyidagi hadis dalil bo‘ladi:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ الحَارِثِ، عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ، أَنَّهُ قَالَ لِمُؤَذِّنِهِ فِي يَوْمٍ مَطِيرٍ: “إِذَا قُلْتَ: أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، أَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، فَلَا تَقُلْ: حَيَّ عَلَى الصَّلَاةِ، قُلْ: صَلُّوا فِي بُيُوتِكُمْ، قَالَ: فَكَأَنَّ النَّاسَ اسْتَنْكَرُوا ذَاكَ، فَقَالَ: “أَتَعْجَبُونَ مِنْ ذَا؟!، قَدْ فَعَلَ ذَا مَنْ هُوَ خَيْرٌ مِنِّي، إِنَّ الْجُمُعَةَ عَزْمَةٌ، وَإِنِّي كَرِهْتُ أَنْ أُحْرِجَكُمْ، فَتَمْشُوا فِي الطِّينِ وَالدَّحْضِ “ (رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)

ya’ni: Abdulloh Ibn Horis raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ibn Abbos raziyallohu anhu qattiq yomg‘ir yoqqan kunda muazzinlariga shunday dedilar: “Ashhadu alla ilaha illalloh”, “Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh”ni aytganingizdan keyin “Hayya ’alas solah”ni aytmang, balki uyingizda namoz o‘qinglar deb ayting”. Shunda ba’zi odamlar bundan norozi bo‘lishdi. U zot: Bu gapimdan ajablandingizmi? Vaholanki, bu narsani mendan ko‘ra yaxshiroq Zot (ya’ni, Rasululloh) qilganlar. Albatta jamoat namozi qat’iy hukmdir, lekin men sizlarni uylaringizdan chiqib, loy va balchiqlarni bosib yurishingizni xush ko‘rmayman”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Ma’lumki, farz namozlarini jamoat bilan masjidlarda o‘qishga shariatimizda targ‘ib qilingan bo‘lib, odamlarga qattiq sovuq, kuchli yomg‘ir yoqqanda yoki insonlarga zarar yetkazadigan holatlarda jamoatga kelmasdan uyda o‘qishlari tavsiya qilingan.

Hadisi sharifda vabo chiqqan joyga kirmaslik, agar o‘sha yerda bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmaslik buyurilgan. Bu kasallikning oldini olish uchun eng yaxshi choradir. Buning ustiga jamoat joylari va boshqa katta tadbirlarda bu virusning tarqalish ehtimoli katta bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi barcha musulmonlarni quyidagilarga chaqiradi:

  1. Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qisinlar. Shuningdek, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etsinlar.
  2. Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda o‘qilsin.
  3. Masjidlarda namoz vaqtini bildirish uchun azon o‘z vaqtida aytilsin.
  4. Mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallikni tarqalishining oldini olishga o‘z hissalarini qo‘shsinlar.
  5. Har bir musulmon ibodatlar va duolarda Alloh taolodan ushbu kasallikni daf qilishini so‘rab, ixlos bilan iltijo qilishlari lozim.
  6. Dinimiz poklikka buyurar ekan, kasallikning oldini olish borasidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilish har bir musulmonning vazifasidir.
  7. Karantin davrida masjidlar va tahoratxonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida davriy dezinfeksiya ishlari o‘tkazilsin.
  8. Bunday vaziyatlarda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarni narxini oshirish, sun’iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar’an haromdir.

Ushbu fatvo virus aniqlangan musulmon mamlakatlar hamda boshqa o‘lkalardagi yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning ushbu masaladagi fatvo hamda xulosalarini hisobga olgan holda qabul qilindi.

Alloh taolo ushbu kasallikni tez kunlarda bartaraf etishini hamdaxalqimiz hayotini tinchlik va osoyishtalikda davom etishini nasibu ro‘zi aylasin! Omin!

Milodiy: 16 mart 2020 yil.

Hijriy: 21 Rajab 1441 yil.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi

Bu ehtiyot choralari vaqtincha bo‘lib, mo‘min-musulmonlarimiz to‘g‘ri tushunishlari lozim. Epidemik holat barqaror bo‘lgandan so‘ng jamoat bo‘lib ibodatlarimizni davom ettiramiz, insha Alloh.

Ayni vaqtda fuqarolarimizni karantin bilan bog‘liq holatni bosiqlik bilan qabul qilishga, turli asossiz vahimali xabarlarga ishonmaslik va tarqatmaslikka chaqiramiz. Shuningdek, tadbirkorlarimizdan fuqarolar uchun zarur oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa vositalarni narxini oshirmasliklarini so‘raymiz.

Fuqarolarimizdan yana bir karra hukumatimiz tomonidan koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarga qat’iy itoat qilishlarini iltimos qilamiz.

Biz birgalikda va hamjihatlikda ushbu ofatni albatta yengamiz!

Alloh taboraka va taolo xalqimizni, yurtimizni turli baloyu ofatlardan, turli kasalliklardan, jumladan, vabo kabi ofatlardan O‘zi asrasin! Bemorlarga komil shifo bersin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring