Nurmat Otabekov koronavirusga qarshi emlash tartibi haqida gapirdi
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov muhim savollarga javob berdi.
— Koronavirusga qarshi emlash boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlashlar singari amalga oshiriladimi yoki alohida talablar bormi?
— Vaksinalarning respublikamizga olib kelingan miqdoridan kelib chiqib, aholining katta miqdorda to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymasdan, emlanishga kelgan aholi orasida ijtimoiy masofani saqlagan holda, hozircha har bitta emlash punktida bir kunda emlanadigan aholi soni 70 nafargacha deb belgilanmoqda.
Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan, emlangandan so‘ng 30 daqiqa davomida, keyinchalik 3 (uch) kun davomida uyiga tashrif buyurish yo‘li bilan muntazam surishtirib boriladi, ularning sog‘lig‘i ko‘zdan kechirilib, 64/x hujjat bilan rasmiylashtiriladi.
Markazdan va aholi yashash punktlaridan uzoqda joylashgan hududlar aholisini koronavirusga qarshi emlashni amalga oshirish maqsadida aholini borishi qulay, yaqin bo‘lgan oilaviy shifokor punkti (OShP) filiallarida ham vaqtinchalik emlash punktlari tashkil qilinib, harakatdagi brigada-vrach, vaksinator va dublyorlardan iborat guruhlar faoliyati tashkil etilib, ular zarur avtotransport vositalari bilan taminlanadi.
Albatta boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi ommaviy emlash tadbirlarida ham bu usullarni qo‘llaganmiz, shunday bo‘lsa ham tayyorgarlik ishlari o‘ta jiddiy tarzda olib borilayapdi.
Ommaviy axborot vositalari orqali koronavirusga qarshi emlash kunlarini o‘tkazishning mazmun-mohiyati keng yoritib borilishi rejalashtirilgan.
– O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash tadbirlari qachon boshlanadi?
— Koronavirusga qarshi emlash tadbirlari respublikamizga ushbu vaksinalarning yetib kelish muddati bilan bog‘liq, hozircha bu muddat fevral oyining oxiri va mart oyining boshlari deb belgilanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter