Namanganda ikki chaqaloq koronavirusdan tuzaldi
Namangan viloyatida 17 nafar, Samarqand viloyatida 2 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘aydi. Barcha tuzalganlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Namanganda sog‘ayganlarning barchasi ushbu viloyatdan (9 nafari Namangan shahridan, 3 nafari Uchqo‘rg‘on tumanidan, 2 nafari Norin tumanidan, 1 nafardan Chust, Namangan va Uychi tumanlaridan) bo‘lib, ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlarning 6 nafari erkak, 11 nafari ayol bo‘lib, ular orasida eng yoshi kattasi 48 yoshda bo‘lsa, ikki nafar eng yoshi kichigi 2019 yilda tug‘ilgan chaqaloqlardir. Samarali davolash muolajalari tufayli bugungi kunda laboratoriya tekshiruvlari ularning darddan butunlay forig‘ bo‘lganini ko‘rsatdi. Viloyatda shu paytga qadar 89 nafar bemor tuzalgan bo‘lsa, endilikda ular 106 nafarni tashkil etmoqda.
Samarqandda tuzalganlardan 1 nafari (ayol) 37 yoshda bo‘lib, Samarqand shahridan. Yana 1 nafari (erkak) ham 37 yoshda bo‘lib, Toyloq tumanidan. Ular koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Viloyatda shu vaqtgacha 22 nafar bemor tuzalgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 24 nafarga yetdi.
Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar 1347 nafarni tashkil etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter