Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana noxush xabar. Koronavirusga chalingan jizzaxlik otaxon vafot etdi

Yana noxush xabar. Koronavirusga chalingan jizzaxlik otaxon vafot etdi

Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida yashovchi, 72 yoshli otaxon Q.R. joriy yil 20 iyun kuni koronavirusga gumon qilingan va karantin muassasasiga tibbiy kuzatuvga olingan. 22 iyun kuni esa Jizzax viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda 25 iyun kuni koronavirus aniqlangan. Bemorga «Koronavirus infeksiyasi og‘ir kechishi, chap tomonlama bronxopnevmoniya, nafas yetishmovchiligi 2-daraja» tashxisi, shuningdek, “Yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kasalligi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet og‘ir kechishi” qo‘shimcha tashxisi ham qo‘yilgan.

Bemor bundan avval, oxirgi 10 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya va qandli diabet tashxisi bilan davolanib yurgan.

Bemorning davolanishi davomida  kunlik ahvoli mamlakatimizdagi  shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

So‘nggi kunlarda nafas, yurak va o‘pka yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan hamda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Eslatib o‘tamiz, bu ikki kun ichidagi to‘rtinchi o‘lim holati. Kecha, 28 iyun kuni koronavirus infeksiyasi qayd etilgan ikki bemor vafot etgan edi. Avvalroq buxorolik ayolning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagani xabar qilingandi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda 24-o‘lim holati qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring