Koronavirusdan tuzalganlarni haqoratlash holatlari uchramoqda — Hokimlik
Ayni kunlarda OAVlarining asosiy mavzusi koronavirus keng tarqalmasligining oldin olish, unga qarshi vaksina, davo va ehtiyot choralaridir.
Ushbu xastalikka chalinganlar orasida bo‘lmaslik uchun har kim o‘zicha chora ko‘rmoqda. Biroq ushbu xastalikni mardonavor yengib, yana o‘z oilasi davrasiga qaytganlarga hazar nazari bilan qarayotganlar ham oramizda yo‘q emas.
Ming afsuski, ayrim shaxslar tomonidan karantindan qaytgan yoki kasallikdan tuzalgan fuqarolarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ularga nisbatan hurmatsizlik qilish, kamsitish, sha’ni va obro‘siga putur yetkazish yoki ularni kasallikni boshqalarga ham yuqtirishida ayblash holatlari uchramoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati kanalida ma’lum qilingan.
Qayd etish kerakki, koronovirusdan tuzalgan yoki karantinda bo‘lgan shaxsni haqorat qilganlik, sha’ni va qadr-qimmatiga putr yetkazganlik, kamsitganlik, uning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatganlik uchun 9 mln. so‘mgacha ma’muriy jarima belgilangan.
Agar, ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng ushbu qilmish takroran sodir etilsa, aybdorga 22,3 mln. so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jinoiy jazo qo‘llaniladi.
Shuningdek, fuqaroning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishi og‘ir oqibatlarga olib kelsa, aybdor 44,6 mln so‘m jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yohud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Biz bir millatmiz, asosiysi, insonmiz. Birlashgan va bir-birimizni tushungan holda bu virusga qarshi kurashish orqaligina uni yengib chiqishimiz mumkin.
Bir-birini ayblash esa aqlsizlik va muammoning yechimiga qarshi harakat hisoblanadi.
Sinovli damlardan mardonavor o‘taylik.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter