Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus vaksinasiga hakerlar ham ko‘z tikib turgani ma’lum bo‘lmoqda

Koronavirus vaksinasiga hakerlar ham ko‘z tikib turgani ma’lum bo‘lmoqda

Foto: «Getty Images»

Butun dunyo koronavirus vaksinasini intizorlik bilan kutmoqda. Negaki, insoniyatning odatiy hayotga qaytishi aynan emlash jarayoniga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bu borada umidbaxsh xabarlar yo‘q emas: deyarli bir vaqtda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya kabi mamlakatlar COVID-19ga qarshi vaksina muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tganini ma’lum qildi, o‘nlab davlatlarda emlash jarayoni allaqachon boshlangan. Ammo kutilmaganda vaksinani dunyo bo‘ylab tarqatish muammosi kun tartibiga chiqdi. Zavod muzlatgichida saqlanayotgan vaksinani bir necha ming kilometr masofa osha tarqatish jiddiy muammo tug‘dirishi ayon bo‘lmoqda.

Gap shundaki, har qanday vaziyatda mo‘may pul ishlashga ishtiyoqmand hakerlar hamda jinoiy to‘dalar ham vaksinaga ko‘z tikib turibdi. Jahonga mashhur IBM kompaniyasining ogohlantirishicha, ayrim mamlakatlar hakerlar vositasida vaksinani yetkazish tizimini buzib kirishga urinmoqda.

Vaksina tayyorlash jarayonida ham josuslik faoliyati kuchaygani kuzatilgan edi. Xususan, joriy yil iyul oyida Buyuk Britaniya, AQSh hamda Kanada Kremlga aloqador hakerlar guruhi COVID-19 vaksinasini o‘g‘irlashga uringanini ma’lum qilgan edi. Qayd etilishicha, kiberjinoyatchilar vaksina tayyorlash dasturini buzib kirishga harakat qilgan. Buning ortidan farmatsevtika shirkatlarida kiberxavfsizlik choralari kuchaytirilgan, ushbu maqsadda ko‘p sonli maxsus xizmat vakillari safarbar etilgan edi.

Bundan tashqari, AQSh vakolatli idoralari Xitoy tomonini ham COVID-19 vaksinasini o‘g‘rilashga urinishda aybladi. Ikki o‘rtadagi dahanaki munozara pirovardida diplomatik vakolatxonalar yopilishi bilan yakunlandi.

Joriy yil 9 dekabr kuni esa Yevropa dori vositalari agentligi (EMA) serveriga kiberhujum amalga oshirildi. Qayd etilishicha, hakerlar AQShning «Pfizer» va Germaniyaning «BioNTech» kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinaning texnik hujjatlarini qo‘lga kiritgan.

AQSh Federal qidiruv byurosi xodimasi Tonya Ugoretsga ko‘ra, vaksina uchun kurash jarayonida raqiblar ilgari kuzatilmagan usullardan keng foydalanmoqda. Bu o‘rinda muayyan davlat olimlari yaratgan vaksina xususida yolg‘on ma’lumot tarqatish, olimlarni obro‘sizlantirish nazarda tutilmoqda.

Davlatga aloqador kiberguruhlardan tashqari xususiy miqyosdagi to‘dalar, individual firibgarlar borki, ularga qarshi kurash ham oson kechmasligi aniq. Shunga ko‘ra, tahlilchilar 2021 yilda xavfsizlik kuchlari va razvedka xizmatlari uchun sog‘liqni saqlash sohasida ishlar yanada ko‘payishini taxmin qilmoqdalar. Chunki ilgari asosan moliya tashkilotlari tegrasida izg‘igan jinoiy guruhlar bugun bor e’tiborini sog‘liqni saqlash sohasiga qaratgani kundek ravshan bo‘lib qoldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring