Koronavirus muolajasi borasida umidbaxsh xabar

Buyuk Britaniyaning Synairgen kompaniyasi koronavirus muolajasi borasida yangi dori muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Dastlabki sinovlarga ko‘ra, yangi tibbiy vosita virusga chalingan bemorning sun’iy nafas oldirish uskunasiga talabini kamaytiradi, muolaja davrini ham sezilarli qisqartiradi.
Synairgen biotexnologiya shirkati ishlab chiqqan dori interferon beta oqsiliga asoslanadi. Muolaja jarayonida mazkur modda maxsus ingalyator – nebulayzer yordamida nafas yo‘li va o‘pkaga yuboriladi. Odatda, mazkur usul nafas yo‘li kasalliklarida keng qo‘llanadi.
Sir emas, Sovid-19 xastaligining og‘ir ko‘rinishida bemorni sun’iy nafas oldirish uskunasiga ulash talab etiladi. Synairgen shirkati ishlab chiqqan dorining dastlabki sinovida bemorlarning 79 foizi sun’iy nafas olish uskunasi yordamisiz oyoqqa turgan. Interferon beta, shuningdek, nafas qisishini ham kamaytirgan. Shifoxonada davolanish muddati esa 9 kundan 6 kungacha qisqargan.
Interferon beta inson tanasida virus hamlasi mavjudligi haqida xabar berish xususiyatiga ega. Tahlillarga ko‘ra, koronavirus immun tizimini mahv etish uchun organizmda interferon beta ishlab chiqarish jarayoniga to‘sqinlik qiladi. Yangi muolaja usuli esa aynan og‘riqli nuqta – bevosita nafas yo‘liga mazkur moddani yuborishga asoslanadi. Qayd etilishicha, o‘pkaga yetib borgan interferon beta moddasi immun tizimini virusga qarshi oyoqqa turg‘izadi.
Kompaniya hozircha tadqiqot natijalarini ilmiy jurnalda e’lon qilganicha yo‘q. Ammo tadqiqot guruhi rahbari Tom Uilkinson natijalar ilmiy jamoatchilik tomonidan tasdiqlansa, yangi dori infeksiyaga qarshi kurash jabhasida katta o‘zgarishga olib kelishiga ishonch bildirgan.
Amaldagi tartibga muvofiq farmatsevtika shirkati o‘z xulosalarini sog‘liqni saqlash idorasiga taqdim etadi. Odatda tekshiruv-taftish jarayoni bir necha oyga cho‘ziladi. Ammo ingliz hukumati yangi ishlanma bo‘yicha xulosalarni tezroq muddatda berishi kutilmoqda. Bundan avvalroq remdesivir dorisi iste’moliga ham oshig‘ich ravishda ruxsat berilgani ma’lum. Qolaversa, Synairgen shirkati bevosita Britaniya hukumati shafeligida tadqiqot olib bormoqda.
Muolaja usuli qo‘llab-quvvatlansa, katta miqdorda dori va nebulayzerlarni ishlab chiqarish talab etiladi. Synairgen shirkati bu borada tezkor harakat qilishga va’da bergan.
Tadqiqot natijalari to‘liq e’lon qilinmaguncha, avvaldan xulosa qilmay turgan ma’qul deydi Sheffild universiteti professori Stiv Gudeykr. Glazgo universiteti professor Navid Sattarga ko‘ra esa dastlabki natijalarning o‘zi umidbaxsh xulosa chiqarishga yetarli. Olim, ayni choqda, tadqiqot ko‘lamini kengaytirish, yangi dorini ko‘p sonli bemorlarda sinash lozimligini ta’kidlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter