Koronavirus chekinyaptimi? Taniqli virusolog tadqiqot natijalarini ma’lum qildi
Eng so‘nggi ilmiy tadqiqotlar koronavirus kuchsizlanayotganini ko‘rsatyapti, bu esa kuzda COVID-19 pandemiyasining ikkinchi to‘lqini qaytmasligiga umid qilishimizga zamin yaratadi — italiyalik taniqli virusolog, Milandagi Vita-Salute San Raffaele universiteti prorektori Massimo Klementi «RIA Novosti»ga shunday bayonot berdi.
«Shifokorlarimiz may oyidayoq koronavirusni yuqtirib kasalxonaga yotqizilgan bemorlarda kasallik xuruji progressiv pasayayotganini kuzatishgandi. Nafaqat kasallar soni, balki intensiv terapiyaga muhtoj bemorlar soni ham qisqarayotgandi», — ta’kidladi professor.
Klementining aytishicha, klinik manzaraning bunday o‘zgarishi ilmiy asosni talab qilardi, uning qo‘l ostidagi mikrobiologiya va virusologiya laboratoriyasi (Italiyadagi eng yirik xususiy davolash muassasasi — San Raffaele shifoxonasiga qarashli) xodimlari shu masala bilan shug‘ullanishdi.
«Kichik tadqiqot o‘tkazdik: 1-martdan 15-martgacha keltirilgan 100 nafar bemor hamda may oyining ikkinchi yarmida yotqizilgan 100 nafar bemorni solishtirdik. Epidemiyaning boshlang‘ich bosqichida virus yuklamasi (muayyan biologik suyuqlikda mavjud virus zarralari miqdori orqali aniqlanadi) may oyi oxiridagiga qaraganda o‘nlab marotaba yuqori ekanini aniqladik. Bu juda ahamiyatli natija», — dedi olim.
Klementining fikricha, virus yuklamasi pasayishi bilan kuzatilayotgan klinik manzara koronavirus kuchsizlanyapti deya taxmin qilishga asos beradi. «Hozircha bunga to‘liq amin bo‘lmasak-da, aftidan bu haqiqatga juda yaqin», — qo‘shimcha qildi u.
Olim epidemiyaning turli bosqichlaridagi mamlakatlardan kelayotgan ma’lumotlar ham virusning chekinayotganini ko‘rsatyapti dedi.
Italiyalik olim yangi virus tez orada kuchsizlanib, xuddi boshqa koronaviruslarga o‘xshab oddiy respirator kasalliklarini uyg‘otishdan nariga o‘ta olmas darajaga kelib qolishiga umid qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter