Komendantlik soati munosabati bilan Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilindi
COVID-19 kasalligi tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralarni kuchaytirish doirasida Turkiya hukumati dam olish kunlari epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar komendantlik soati joriy etish amaliyotini davom ettirmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi axborotida aytiladi.
Qayd etilishicha, kelayotgan dam olish kunlari taqiq 18-aprel soat 00:01 dan 19-aprel soat 24.00 gacha amal qiladi hamda Zonguldak viloyati va mamlakatning quyidagi 30 yirik shaharlari aholisiga ta’sir qiladi: Anqara, Adana, Antaliya, Aydin, Balikesir, Denizli, Diyarbakir, Erzurum, Eskishehir, Gaziantep, Hatay, Istanbul, Izmir, Kahramanmarash, Kayseri, Kojaeli, Konya, Malatya, Manisa, Mardin, Mersin, Mugla, O‘rda, Sakarya, Samsun, Shanliurfa, Tekirdag‘, Trabzon va Van.
Ushbu kunlarda shifoxonalar, dorixonalar, dori-darmon ishlab chiqaradigan korxonalar, novvoyxonalar, qariyalar uylari, reabilitatsiya markazlari, tez yordam markazlari va boshqa ixtisoslashgan muassasalar faoliyati davom etadi.
«Elchixona Turkiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini ushbu cheklovlarni hisobga olishga va mahalliy hokimiyatning koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha barcha talablarini bajarishga chaqiradi» – deyiladi axborotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter