Karantinda zerikib qolgan ayol bog‘idan qadimiy xazina topib oldi
Angliyaning Gempshir grafligi, Portsmut shahrida istiqomat qiluvchi ayol uyining bog‘idan 500 yil muqaddam zarb qilingan qimmatbaho tangani topib oldi, deya xabar berdi «Daily Mail».
48 yoshli Amanda Jonston koronavirus tufayli uyda o‘tiraverib zerikib qoladi va 11 yoshli o‘g‘li Jorjning metall izlovchi uskunasi yordamida hovlini aylanib chiqishga qaror qiladi. Buning natijasida u qadimgi xazina — Genrix VII hukmronligi davrida zarb qilingan oltin tangani topib oladi. Og‘irligi 22 qirot keladigan tanga 1464 yildan boshlab qariyb 200 yil davomida muomalada bo‘lgan. Uning qiymati — olti shilling va sakkiz pens.
Qonunga binoan, agar xazina bitta tangadan iborat bo‘lsa, xazina izlovchi topilmani ro‘yxatdan o‘tkazishga majbur emas. Buning ustiga, Jonston xazinani o‘ziga tegishli hududdan topgani bois unga boshqa hech kim da’vogarlik ham qilolmaydi.
«Xazina izlashda nafaqat o‘g‘limning metall qidiruvchi uskunasidan, balki kichkina kurakchadan ham foydalandim, — deydi Jonston. — Tanga topib olganimga ishongim kelmayapti. U juda yupqa, lekin qimmatbaho ekanligini darrov tushunganman».
Britaniyalik ayol topilmani hozircha o‘zida olib qolmoqchiligini, lekin kelajakda uni baribir sotishini tan oldi. O‘tgan yili shunga o‘xshash tanga kimoshdi savdosida 2,6 ming funt sterlingga sotilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter