JSST koronavirus «uyg‘ona boshlagani»dan ogohlantirdi
Shu kunlarda dunyoning ba’zi mintaqalarida COVID-19 infeksiyasi yana faollasha boshladi. Bu holat koronavirusning yangi EG.5.1 subvarianti tarqala boshlagani bilan izohlanmoqda.
Xususan, Eris deb nomlangan mazkur mutatsiya ilk bor shu yilning mart oyida Hindistonda aniqlangan edi. Bir oy avval esa u Buyuk Britaniyada ham qayd etildi.
Hozir har ikki mamlakatda EG.5.1ni yuqtirganlar soni ortib bormoqda. Jumladan, Hindistonda bu mutatsiya bilan xastalangan bemorlar soni 1574 nafarga yetgan.
Buyuk Britaniyada esa iyul oyi birinchi yarmida COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning taxminan 11,8 foizida Eris aniqlanayotgandi. Avgust oyidagi ma’lumotlar bu ko‘rsatkich 14,6 foizga oshganini tasdiqladi.
Hozir JSST ekspertlari virusni yuqtirganlar soni jadal o‘sishi mumkinligidan xavotirda. Bu dunyodagi epidemiologik vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.
Eslatib o‘tamiz, omikron shtammining subvarianti hisoblangan EG.5.1 aksariyat hollarda burun oqishi, bosh va tomoq og‘rig‘i, aksirish hamda holsizlik kabi alomatlar bilan namoyon bo‘lmoqda. Hozircha yangi mutatsiyaning yuquvchanlik darajasi va asoratlari haqida yakuniy xulosalar yo‘q.
Ammo Buyuk Britaniyada Eris tufayli shifoxonada yotib davolanuvchilar soni ortgan. Shulardan kelib chiqqan holda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti EG.5.1 ni kuzatuv ostidagi subvariantlar ro‘yxatiga qo‘shdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter