«Ikkinchi Uxan»: bir bemorni deb Xitoy hukumati bir shaharni to‘liq yopib qo‘ydi
Xitoy hukumati Dunnin shahri (Xeylunszyan viloyati) bilan transport aloqasini to‘liq to‘xtatishga qaror qildi — shaharda koronavirusning yangi o‘chog‘i paydo bo‘lgan.
Epidemiologik xavfga qarshi kurashuvchi mahalliy ishchi guruh ma’lum qilishicha, Pekin vaqti bilan 13- dekabrga o‘tar kechasi soat 00:00 dan e’tiboran Dunninni biron kishi yoki transport vositasi tark eta olmaydi. Shaharda jamoat transporti to‘liq to‘xtatilgan. Hukumatning maxsus ruxsati chiqmagunicha shaxsiy mashinalar egalari ham haydovchilik huquqidan vaqtinchalik mahrum etildi.
Shahardagi barcha do‘konlar, univermaglar, bozorlar va hokazo savdo nuqtalari hamda kommunal xizmatlar besh kun davomida mahalliy hokimlikka koronavirus testi natijalarini taqdim etishlari shart qilib qo‘yilgan. Boshqa cheklovlar ham kuchaytirilgan, xuddi qariyb bir yil avval Uxanda joriy etilgan karantin singari.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy shimoli-sharqidagi Xeylunszyan viloyatida jami besh kishida koronavirus aniqlangan, shularning uch nafari simptomsiz tashuvchilar. Payshanba kuni bir kishida koronavirus aniqlangani uchun Rossiya bilan chegaradosh Suyfenxe va Dunnin shaharlarida «harbiy holat» e’lon qilindi. Ushbu hududlarda mahalliy manbalardan kasallik yuqishi bir necha oydan beri kuzatilmayotgandi.
Doimiy aholisi soni 210 mingdan ortiq Dunnin shahri bilan Vladivostok orasi — 60 kilometr.
Statistikaga ko‘ra, Xitoyning materik qismida kovid bemorlarining 94,31 foizi sog‘aygan. 2019-yilning dekabridan beri kasallanganlar soni 86,7 ming nafardan oshgan, qurbonlar soni 4 634 nafar. Hozirga kelib Xitoy shifoxonalarida 490 kishi koronavirusdan davolanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter