Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikkinchi jahon urushidan beri ilk marta: Niderlandiyada komendantlik soati joriy etiladi

Ikkinchi jahon urushidan beri ilk marta: Niderlandiyada komendantlik soati joriy etiladi

Foto: «Pixabay»

Niderlandiya muvaqqat hukumati koronavirus pandemiyasi sababli davlat hududida komendantlik soatini o‘rnatish borasida bergan taklifni mamlakat parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan yoqladi. Bu haqda 21-yanvar kuni parlament saytida xabar berildi.

Komendantlik soati shanba, 23-yanvardan kuchga kiradi va soat 21.00 dan 04.30 gacha davom etadi. Bu vaqtlar oralig‘ida odamlarga ko‘chaga faqat istisnoli holatlardagina chiqishlariga ruxsat etiladi.

«Ishga ketayotgan yoki kelayotgan fuqarolar ish beruvchi taqdim etgan maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lishlari shart. Itlarni ko‘chaga sayrga olib chiqishga ruxsat beriladi, faqat bir kishi bo‘lishi kerak. Kechalari shoshilinch xizmatlar hamda oziq-ovqat va tayyor taomlarni yetkazib beruvchilar ishlashda davom etadi», — deyiladi xabarda.

Komendantlik soati qoidalarini buzganlar uchun 95 yevro jarima belgilangan.

Niderlandiya (Gollandiya)da koronavirusni yuqtirish bo‘yicha ilk holat 2020-yilning 27-fevralida qayd etilgandi. Ayni paytga kelib mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 932 ming nafardan oshdi — mamlakatning o‘rtacha hisoblaganda har 18-fuqarosi shu kasallikka chalindi. Bemorlarning 13,3 ming nafari vafot etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring