IIV katta yoshdagilardan begonalarni uyga kiritmaslikni so‘radi
Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov katta yoshdagilardan begonalarni uyga kiritmaslikka, xatto ular koronavirus infeksiyasiga qarshi dezinfeksiya ishlarini o‘tkazishimiz kerak, degan holatda ham ishonmaslikka chorladi, chunki bu jinoyat maqsadida keltirilgan bahona bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, koronavirus infeksiyasining keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mamlakatimizda karantin e’lon qilindi. Ommaviy axborot vositalari aholiga nafaqat kasallik, undan qanday saqlanish haqida, balki bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ham uzluksiz ma’lumotlar berib bormoqda.
Davlat idoralarining asosiy vazifalaridan biri aholi o‘rtasida sarosimaga yo‘l qo‘ymaslik va qisqa muddat ichida mazkur infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashishdir. Biroq shunday kimsalar borki, bunday vaziyatdan o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanib qolishga harakat qilishadi. Ularning asosiy nishoni aholining eng zaif qatlami bo‘lgan qariya va bolalar ekani achinarli holat, albatta.
Kattalar ishda bo‘lgan vaqtda bolalar uyda yolg‘iz qolishadi. Xuddi shunday holat qariyalar bilan ham. Ular juda ishonuvchan, shu bois nopok insonlar uchun aldash qiyinchilik tug‘dirmasligi mumkin.
Shuning uchun katta yoshdagilardan begonalarni uyga kiritmaslikni iltimos qilamiz, xatto ular koronavirus infeksiyasiga qarshi dezinfeksiya ishlarini o‘tkazishimiz kerak, degan holatda ham ishonmaslikka chorlaymiz, chunki bu jinoyat maqsadida keltirilgan bahona bo‘lishi mumkin.
Bu kabi talab bilan uyingizga biron bir kimsa kelgan taqdirda «102» qisqa raqamiga yoki hududingizda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz.
O‘zingizni, o‘z uyingizni hayotingiz va mulkingizga tajovuz qilganlardan asrang! — deyiladi IIV matbuot kotibi xabarida.
P.S. Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga eslatib o‘tamiz:
- asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmang, xabarlar bilan rasmiy manbalar orqali tanishing;
- o‘tkinchi hissiyotlarga berilmang, vahima va sarosimaga tushmang, bugungi harakatlaringiz oqibatida ertaga tanishlaringiz yoki oilangiz oldida uyalib qolishingiz mumkin;
- vaziyatdan foydalanib, shaxsiy manfaat yo‘lida g‘araz maqsadlarni ko‘zlamang, har bir noqonuniy xatti-harakatingiz uchun javob berishingizni unutmang;
- mamlakatimizdagi barqarorlikni izidan chiqarish niyatida bo‘lgan yovuz niyatli kuchlarning o‘yinchog‘iga aylanib qolmang. Unutmangki, har bir holat zudlik bilan aniqlanadi, aybdorlarga nisbatan qonuniy tartibda qat’iy chora ko‘riladi.
Barcha savollaringiz bo‘yicha alohida faoliyat ko‘rsatayotgan 1003 raqamli tezkor aloqa tarmog‘iga murojaat qiling. Aniq axborotni ijtimoiy tarmoqlardagi @koronavirusinfouz rasmiy manzilidan bilib olishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter