Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chekinmayotgan koronavirus: Turkiya va Isroilda — komendantlik soati, Yevropa karantinga qaytmoqda, Kaliforniyada 40 million kishi «uy qamog‘ida»

Chekinmayotgan koronavirus: Turkiya va Isroilda — komendantlik soati, Yevropa karantinga qaytmoqda, Kaliforniyada 40 million kishi «uy qamog‘ida»

Foto: «Mk-turkey.ru»

Dunyoda koronavirus pandemiyasi bo‘yicha vaziyat, garchi vaksinalar chiqishni boshlagan bo‘lsa-da, hozircha tangligicha qolmoqda.  

Isroilda pandemiya bo‘yicha vaziyatga mas’ullar komendantlik soati joriy etishmoqchi. Agar hukumat tasdiqlasa, komendantlik soati kechki soat 6 dan tonggi soat 6 gacha davom etadi.

Buyuk Britaniyadagi Koventri shifoxonasida 90 yoshli Margaret Kinan «Pfizer»/«BioNTech» (AQSh-Germaniya) vaksinasini qabul qilgan «birinchi raqamli» inson bo‘ldi.

Qo‘shma Qirollikda emlashga rasman start berildi. Ro‘yxatda birinchilar — 80 yoshdan oshganlar va tibbiyot xodimlari. Vaksinaga doir xavotirli xabarlar ham yo‘q emas, shu bois bosh vazir har bir so‘zini o‘ylab gapirishga majbur.

«Ogohlikni saqlashimiz shart. Vaksina kelishni boshlagani — quvonarli, butun millat uchun yupanch u, ammo ehtiyot bo‘lgan shart», — dedi Boris Jonson.

Bosh vazirning gapida jon bor. Hushyorlik zarar qilmaydi. Chunki Brexit muzokaralari kun sayin botqoqqa botyapti. Jonson nima qilib bo‘lmasin, Yevropa ittifoqi bilan o‘rtada ketayotgan, kuni bitay deb turgan yangi bitimni saqlab qolish ilinjida. Aks holda Yevropadan vaksinalar kelishi uzilib qolishi mumkin.

Germaniyada bir yo‘la uch hududda, pandemiya avjiga chiqib ketgani uchun, karantin kuchaytirildi. Saksoniyada oziq-ovqatga ixtisoslashganlaridan boshqa barcha do‘konlar, maktab va bog‘chalar yopiladi. Bavariyada esa ko‘chaga chiqish ham mumkinmas. «Bild» nashriga ko‘ra, Rojdestvodan so‘ng Germaniya umumiy lokdaunga olinishi mumkin. Yakuniy qaror shu hafta davomida qabul qilinadi.

AQShning Kaliforniya shtati ham kuchaytirilgan karantinga kirgan. 40 million nufusga ega shtatning deyarli barcha fuqarolariga uylaridan chiqish man etilgan. Kasalxonalar esa to‘lib-toshgan. Shtatda bir kunning o‘zida 25 ming nafar yangi kovid-bemor qayd etildi. AQShda jami koronavirus qayd etilishlari soni 15 milliondan oshib ketdi.

Turkiyada kasallanishlar va qurbonlar soni bo‘yicha yangi antirekord qayd etildi. Bir sutkada 33 ming nafar bemor qayd etilib, 200 nafar bemor vafot etgan. Komendantlik soati endi dam olish kunlari bilan birga ish kunlariga ham tatbiq etilishni boshladi.

Pandemiya davridagi eng erkin mamlakat — Shvetsiyada ham cheklovlar kuchaytirilyapti: Rojdestovo va Yangi yilni 8 kishidan ortiq bo‘lib birga kutish mumkin emas. Qolgan cheklovlar hozircha tavsiya shaklida. Aholidan imkon qadar jamoat transportidan foydalanmaslik, juda zarur bo‘lmagan hollarda savdo markazlari, muzey va trenajyor zallariga bormaslik so‘ralyapti.

Shveysariya ham cheklovlarni kuchaytirish arafasida. 12-dekabrdan restoranlar, do‘konlar va bozorlarni yopish, ko‘ngilochar muassasalar va sport klublari faoliyatini, beshdan ortiq insonning bir joyda yig‘ilishini (kelayotgan bayramlar istisno qilinishi mumkin) cheklash rejasi ko‘rib chiqilyapti.

Niderlandiyada ham ahvol yaxshimas, karantin kuchaytirilishi mumkin, chunki kasallanishlar soni oy davomida kuniga birinchi marta 7 ming nafardan oshib ketdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring