Bir martalik qo‘lqoplar masalasi nima bo‘ldi?
2020-yil 19-oktabr sanasidan boshlab transport vositalarida bir martalik polietilen qo‘lqoplarni ishlatish majburiy etib belgilangan edi. Transport vazirligi ushbu qaror tashabbuskorlaridan bo‘lgani hammamizning yodimizda.
Aholi o‘rtasida turli noroziliklar yuzaga kelgandan so‘ng qo‘lqoplarning xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilishi ma’lum qilindi.
Hozirda hech kim jamoa transportida bu qarorga amal qilmayapti. Hech qaysi tashkilot bu qaror o‘z kuchini yo‘qotganligi yoki tugatilganligi to‘g‘risida bayonot bergani ham yo‘q.
Bundan «hali ham qaror kuchda va shuncha pul sarf qilinyapti», degan ehtimol bor edi. Holat yuzasidan ma’lumot olish uchun «Toshshahartransxizmat» AJ matbuot kotibiga savol bilan yuzlandik.
Azimjon Mahamadjonovning ta’kidlashicha, Transport vazirligi tomonidan «Toshkent shahridagi jamoat transportlarida bir martalik qo‘lqoplardan foydalanish sinov tariqasida taklif etilmoqda» degan qaror chiqarilmagan.
«Har qanday taklif mazmunidagi tajribalar ham tatbiq qilib ko‘riladi. Transport boshqarmasi tomonidan jamoat transportlari (avtobuslarda) va metropolitenda karantin qoidalariga rioya qilgan holda bir martalik qo‘lpoqlardan foydalanish tajriba sifatida taklif etildi. Yanvar oyida karonavirus xavfining pasayganligi jamoat transportida yuqish ehtimoli susayganligi sababli bu taklif o‘z kuchini yo‘qotdi», — deydi mutaxassis.
Azimjon Mahamadjonovning fikricha, bir martalik qo‘lqoplar nafaqat karonavirus pandemiyasi, balki mavsumiy teri kasalliklarining oldini olish uchun amalga oshirilgandi. Shuncha vaqt davomida sarflangan xarajatlarni inobatga olgan holda yo‘lovchilar uchun bu tadbir foydadan xoli bo‘lmadi deb hisoblash mumkin, deydi mutaxassis.
Ma’lum bo‘lishicha, kuz-qish mavsumida qo‘lqoplardan foydalanish birmuncha qulay, chunki ob-havo salqin bo‘ladi. Bahor va yoz fasllarida esa, aksincha. Ob-havoni inobatga olib, hozircha bu tajriba qo‘llanilmayapti.
Qo‘lqoplar masalasi bo‘yicha Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov saytimizga intervyu berishdan bosh tortib, savollarimizga faqatgina onlayn tarzda javob berishini ta’kidladi. Matbuot kotibdan bilganlarimizga ko‘ra:
— Koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq umummajburiy xarakterdagi qarorlar (masalan, qo‘lqoplarning majburiy tarzda joriy etilishi) Respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilingan. Biroq keng jamoatchilik bu haqda Transport vazirligining telegram kanali orqali xabar topgan edi.
— Transport vazirligi qo‘lqoplarni sotib olish va ularni tarqatish bilan shug‘ullanmaydi. Shu nuqtai nazardan qo‘lqoplarni xarid qilish uchun davlat tomonidan vazirlikka mablag‘ ajratilmagan.
Bizga taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, «Toshshahartransxizmat» AJ bir martalik qo‘lqoplar uchun jami «POLIPLAST DIZAYN» MChJga 268 790 000 (ikki yuz oltmish sakkiz million yetti yuz to‘qson ming) so‘mlik 8 million 600 ming dona qo‘lqoplar sotib olgan. «Toshshahartransxizmat» AJ 22 oktyabrda bergan xabariga ko‘ra, kunlik xarid so‘mmasi 16 mln 800 ming so‘m bo‘lgan.
Bizga taqdim etilgan ma’lumot 2020 yil 9 dekabr sanasigacha bo‘lib, qayd etilishicha, shu sanadan so‘ng boshqa qo‘lqoplar xarid qilinmagan. Bugungi kunda ham qo‘lqop zaxirasi mavjud bo‘lib, so‘ralgan metro va avtobus mashrutlariga tarqatilmoqda ekan.
Bir martalik qo‘lqoplar loyihasi birinchi haftadanoq muvaffaqiyatsiz yakun topgan edi. Koronavirusning tarqalishi bo‘yicha o‘tgan yilgi ssenariy takrorlanayotgan bir paytda, samarasiz loyihalar yana qaytarilmaydi, degan umiddamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter