Toshkentda yo‘lovchilardan naqd pul talab qilgan haydovchi ishdan ayrildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent shahridagi 72-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus haydovchisi hamda sohaga begona bo‘lgan fuqaro tomonidan yo‘lovchilardan yo‘l haqi uchun naqd pul talab qilgani bilan bog‘liq hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, ikki «uddaburon» shu kuni kech soat 19:50larda yo‘nalishda harakatlanish davomida avtobus salonining chiroqlarini o‘chirgan holda yo‘lovchilardan yo‘l haqi uchun naqd pul talab qilgan.
«Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil 14 mart kuni, «2-Avtobus saroyi» filiali mas’ul xodimlari tomonidan avtobus saloniga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalari tekshirilganda yuqorida keltirilgan holat haqiqatda sodir bo‘lganligi ma’lum bo‘lgan.
Shu kuni holat yuzasidan avtobus saroyi xodimlari hamda mas’ullari ishtirokida tezkor tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishda haydovchi J.X.ning sodir etgan qoidabuzarligi muhokama qilinib, korxona ichki tartib intizomini o‘ta qo‘pol ravishda buzganligi uchun u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha haydovchining sodir etgan qoidabuzarligiga huquqiy baho olish maqsadida, hujjatlar to‘plami huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter