Bir mahalladan 39 nafar yigit javobgarlikka tortildi
Keyingi bir oy ichida eng ko‘p ishlatgan ham, eng ko‘p eshitgan ham so‘zimiz bitta bo‘ldi: uyda qoling!
Bu jon va tan omonligi uchun bir hayqiriq aslida. Biroq Buxoro viloyati Shofirkon tumani Denov mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 39 nafar yigit uchun hammaning karantin paytida «UYDA QOLIShI» ayni muddao bo‘ldi. Ular oltin vasvasasida qo‘shni viloyatning Uchquduq tumani hududiga yo‘l olishdi. Maqsad tashlandiq karerdan (dastlab davlat tomonidan o‘zlashtirilgan)tarkibida oltin zarralari bo‘lishi mumkin bo‘lgan tosh va qumlarni qazib olish edi.
Uchquduq tumani IIB va DXX bo‘limlari xodimlarining hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida nafaqat karantin qoidalarini buzish, balki boshqa o‘zimboshimcha xatta-harakatlari ustida ushlandi. Ularga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid hujjatlar rasmiylashtirildi. Natijada barchasiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Aytgancha, surishtiruv jarayonilarda huquqbuzarlarning ba’zilari Toshkent shahrida qurilish ishlarida, ayrimlari bozorda arava surib tirikchilik qilganliklari oydinlashgandi. Karantin sabab ishsiz qolishgani uchun qonunga teskari borishga majbur bo‘lganini bildirishdi. Albatta, bugun hech kimga oson emas. Biroq bu qonunsiz ishga qo‘l urishga asos bo‘lavermaydi. Qolaversa, pandemiya sabab sharoiti og‘ir aholini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Buxoro viloyati Shofirkon tumanida bu borada nimaga sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganiga hayron bo‘lish mumkin, xolos. Bu gap 39 nafar huquqbuzarlargagina tegishli emas. Uchquduq tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Rayimovning ta’kidlashicha, 2020 yilning birgina aprel oyida aynan Shofirkon tumanining Denov mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 76 nafar fuqaro Uchquduq tumaniga o‘tib (karantin sharoitida!), huquqbuzarlik sodir etgani uchun ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan.
Laylo Karimova,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter