Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtotransport harakatiga cheklov bizga nima beradi?

Avtotransport harakatiga cheklov bizga nima beradi?

Shu kunlarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida turli cheklovlar joriy etilmoqda. So‘nggi kunlarda katta shaharlarda va viloyat markazlarida avtotransport vositalari harakatiga o‘rnatilgan cheklovlar ayniqsa qizg‘in muhokama va bahslarga sabab bo‘lmoqda.

2017-yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda har 1000 kishiga 83 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan. Hozirda bu raqam yanada ortgan. Taxminlarga ko‘ra, mamlakatimizda 2 milliondan ortiq avtomobil mavjud.

So‘nggi 10 yilda shaxsiy avtomobillar soni 125 mingga oshdi va bugungi kunda Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtomobillar soni 434 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Bunda, kuniga 300 mingta transport vositalari poytaxtga kiradi va chiqadi.

Ko‘chalarimizda bugungi (hozirgi) kunda harakatlanayotgan 100 ming avtotransportning atigi 1000 tasi (0,01%) virus tashuvchi bo‘lsa ham, biz avtotransport harakatini cheklash orqali epidemiya tarqalishini qanchalik jilovlashimiz mumkinligini tasavvur qiling. Bu shartli ravishda olingan mingta avtomobil yana qancha odamlarni, ular esa o‘z navbatida yana qancha tanish-bilish hamda qarindoshlarining kasallanishiga sababchi bo‘lishi mumkin edi.

Harakatlanyotgan avtomobil, ayniqsa u taksi bo‘lsa, nafaqat virus tashiydi, baki ko‘plab insonlarga virus yuqtirish makoniga ham aylanadi. Bitta taksiga bir kunda nechta odam chiqadi va yo‘lovchilardan bittasi virus tashuvchi bo‘lsa ham, shu taksiga undan keyin chiqqan qanchadan qancha insonlarga virus yuqishiga sharoit yaraladi.

Avtotransport harakatiga qo‘yilgan chekovning yana bir maqsadi, insonlarning harakatlanishini kamaytirish, ularni uyda qolishini ta’minlashdir. Endi uzoqroq masofaga bir zumda yetib olish imkoni bo‘lmagach, fuqarolar uydan kamroq chiqadilar.

Bu tajriba Xitoy, Albaniya, Peru kabi mamlakatlarda o‘zini oqladi va samaraliligini ko‘rsatdi. Masalan, virus tarqalgan Xitoyning Uxan viloyatida faqat tibbiyot, politsiya va oziq-ovqat tashuvchi avtomobillarga ruxsat berilishi oqibatida qanday ijobiy natijalarga ershilganini ko‘rib turibmiz.

Albatta, ushbu tartib o‘ziga yarasha noqulayliklarni tug‘diradi. Lekin hozirgi kunda bu koronavirusga qarshi eng maqbul va samarali yo‘ldir. Shuning uchun barchamiz yangi talablarga moslashishimiz zarur, ishlab chiqaruvchilar ham, tadbirkorlar ham, oddiy fuqarolar ham.

Shaxsiy hayot va huquqlar hamda jamiyat, millat manfaatlarini taroziga soladigan bo‘lsak ham, qaysi tomon ustunligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ushbu sharoitda jamiyat manfaatlari va kelajagi har doim birinchi o‘rinda turadi.

Cheklov joriy etilganining uchinchi kuni shahar ko‘chalarida avtotransportlar oqimi bir necha baravarga kamayganini ko‘rish mumkin. Ilgarigidek tirbandliklar, chorrahalarda bir necha qator bo‘lib yashil chiroq yonishini kutayotgan betoqat haydovchilar yo‘q. Asosiysi, harakatlanish keskin kamaydi, demak virus tarqalishi ham kamayadi.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan ushbu vaqtinchalik cheklov tadbirlari ekanini tushunib, ongli ravishda cheklovlarga bo‘ysunishlari va virusga qarshi kurash kampaniyasini ham ma’nan, ham amalda qo‘llab-quvvatlashlari naqadar muhim ekanini eslatib o‘tish joiz. Biz qanchalik bir-birimizni qo‘llasak va tushunsak, virus shunchalik zaiflashadi va tez orada yengiladi.

G‘aybullo Primov,
Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring