Zangiotаda bemorlarga yaxshi qaralmayaptimi? — SSV munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan koronavirus ko‘payganligi va Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar muassasasiga qaraganda bemorlar yaxshi parvarish qilinmayotgani haqidagi audio xabar haqiqatga zid, deb yozadi SSV matbuot xizmati.
Ma’lumki, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari asosida qurilgan Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi 2 ta yirik davolash kompleksini o‘z ichiga oladi. Ularni barpo etishda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan bo‘lib, har ikki muassasa jami 4 ming o‘ringa mo‘ljallangan.
Shifoxonalar laboratoriyasida virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya bo‘yicha eng ilg‘or apparatlar o‘rnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda o‘rtacha 40 nafar kishiga tashxis qo‘ysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega.
Har ikki davolash muassasasida ham bir xilda ekspress-test usulida qondagi antitanachalarni 10 daqiqada aniqlash imkoni yaratilgan. Bundan tashqari, polimer zanjirli reaksiyaning antigen ekspress testi ham yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, har ikki kompleksning qabul-diagnostika bo‘limida multispiral kompyuter va magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen hamda zamonaviy ultratovush diagnostikasini bir vaqtning o‘zida bajarish mumkin.
Alohida qayd etib o‘tish kerakki, statsionar joylarning barchasi bokslangan va har bir xonadagi havo boshqasiga o‘tmaydi. Palatalarga kirib-chiqish, xizmat ko‘rsatish alohida bo‘lib, kelgan kasallar qabul bo‘limidan tambur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri palataga joylashtiriladi.
Barcha korpuslar, bo‘linmalar yashil, sariq va qizil yo‘laklar bilan ajratilgan. Bu esa tashxisi noaniq bo‘lganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
Yuqorida sanab o‘tilgan shart-sharoit va zamonaviy tibbiy jihozlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining har ikkala kompleksida ham bir xil ta’minlanganligi barobarida tibbiyot xodimlarining bilim, malaka va tajribasi ham talab darajasida.
Ayni paytda ikki muassasada ham bemorlarga shifokorlar tomonidan «COVID-19» koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik tavsiyalarning oxirgi nashriga binoan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter