«Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi mamlakatimizdagi birinchi gospital-maktabga tashrif buyurdi (foto)
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi negizida O‘zbekistondagi ilk gospital maktab — «Mehrli maktab» faoliyat yuritmoqda.
Ushbu maktab «Zamin» fondi tomonidan O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan gospital pedagogika sohasidagi katta loyihaning natijasidir.
Bugun maktabga «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva tashrif buyurdi.
Bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, fond rahbari pedagog va ota-onalarga dalda so‘zlarini izhor qildi, bolajonlar bilan dildan suhbatlashdi.
Maktabning vazifasi – uzoq vaqt davolanayotgan hamda oddiy maktab yoki bog‘chaga borish imkoniyati bo‘lmagan bolalarning sifatli va uzluksiz ta’lim olish huquqini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishdir. Maktab bolaning to‘laqonli reabilitatsiya bo‘lishi, moslashishi va ijtimoiylashiga, bu jarayonda ota-onalar ham qatnashishiga xizmat qilmoqda.
Gospital maktab uchun pedagog va psixologlar tanlov asosida tanlab olingan, ular gospital pedagogika bo‘yicha maxsus treninglardan o‘tgan. O‘qituvchi va murabbiylar jamoasi tibbiy xodimlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Bolalardagi immunitet tanqisligini hisobga olib, maktab o‘ziga xos tibbiy talablarga muvofiq jihozlangan, gipoallergen materiallar bilan ta’minlangan. O‘quv jarayonida faqatgina elektron darsliklar va har bir o‘quvchiga alohida biriktirilgan kitoblardan foydalanilmoqda.
Maktabda «Zamin Creative» ijod studiyasi ham ochilgan. Unda bolalar musiqa, tasviriy san’at va mediadan saboq olmoqda. IT-laboratoriya va sensorli xona ham bor.
Shu bilan birga, maktab to‘siqsiz muhit yaratish uchun moslashtirilgan o‘quv dasturlari, gospital pedagogika sohasida o‘qituvchilarning malakasini oshirish modullari ishlab chiqiladigan va yaratiladigan metodologiya markazi sifatida ham xizmat qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter