Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Zako‘nchi» bo‘lishimiz shart!

«Zako‘nchi» bo‘lishimiz shart!

Foto: «Xabar.uz»

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida fuqarolarning Konstitutsiyamizda kafolatlangan huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari va ularning natijalari haqida tanqidiy-tahliliy fikrlarini bildirdi. Shuningdek, islohotlar samarasini ta’minlash uchun oldimizda turgan asosiy vazifalarga e’tibor qaratib, qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga o‘z muddatida yetkazib berish, ularni amalga oshirishni qat’iy ta’minlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ma’ruzada mutasaddi idoralarning jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirayotgan faoliyati tanqidiy baholanib, bu sohada mavjud muammolar va qilinishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalarga e’tibor qaratildi. Bu borada adliya idoralari oldiga yanada jiddiy vazifalar qo‘yilishi ta’kidlab o‘tildi.

Ushbu ma’ruzada tilga olingan masalalar chindan ham mamlakatimizning bugungi kuni va kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.

Jamiyatning  taraqqiyoti aholining huquqiy savodxonlik darajasi bilan belgilanadi. Ijtimoiy faol va yuksak madaniyatli insonga xos bo‘lgan fazilatlardan biri huquqiy madaniyatga ega bo‘lishdir.

O‘tkazilgan so‘rovlar hamda fuqarolarning murojaatlaridan ko‘rinadiki, aholining katta qatlami elementar huquqiy bilimga ega emas. Kundalik hayotda kerak bo‘ladigan oddiy tushunchalarni ham bilmaydi.

Huquqiy madaniyatimizning naqadar nochorligi, ayniqsa, biron favqulodda vaziyat yuzaga kelganda bilinib qoladi. Marketing maqsadlarida o‘tkazilayotgan turli tadbirlarda yoki yo‘llarda yuzaga kelgan tirbandliklarda, navbatda turganda yoki birov bilan u yoki bu masalalarda ahdlashuvlarga rioya qilish jarayonida ahvolimiz o‘z «qiyofasini» namoyon qilib qo‘yadi. Biz oddiygina navbatda turish yoki maxsus yo‘lakchadan piyodani o‘tkazib yuborishni bilmaymiz.

Aholida huquqiy ong yetarlicha shakllanmagani oqibatida maishiy korrupsiyani to‘liq yo‘qota olmayapmiz. Korrupsiya noqonuniy harakat ekanini hamma biladi, ammo oddiy fuqarodan katta mansabdorgacha pora ustida ushlanayotgani achinarli holdir.

Bularning bari, avvalo, qonunni bilmaslik, qolaversa, bilib turib ham unga rioya etmaslik oqibatidir.

Biz uzoq yillar davomida masalaning mohiyatini o‘rganmadik. Yigirma bir yil oldin qabul qilingan huquqiy savodxonlik va madaniyatni yuksaltirish to‘g‘risidagi Milliy dastur ijobiy natija bermadi. Chunki unda aniq vazifalar qo‘yilmagan, maqsadga erishishning monitoring va baholash tizimi mavjud emas edi, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish nazarda tutilmagandi.

Huquqiy ta’lim-tarbiya oilada, bog‘chada, maktabda, litsey-kollejlarda va oliy ta’lim muassasalarida olib borilishi kerakligi shubhasiz. Lekin ta’lim faqat bilim berish bilan cheklanmaydi. Ta’lim shu bilimlarni amalda qo‘llashni ham o‘rgatish deganidir. Bizda uzoq yillar konstitutsiya kuniga she’r yodlatish, uning necha bobu qancha banddan iboratligini bildirib qo‘yishdan iborat yuzaki «ta’lim» jarayoni kechdiki, natijada biz huquqiy bilimlarni nazariy jihatdan u yoki bu darajada biladigan, ammo funksional jihatdan ularni qo‘llamaydigan avlodni tarbiyaladik.

Qonunlar ularga rioya qilish uchun qabul qilinadi, buzish uchun emas. Qonunga rioya qilish uni buzishdan ko‘ra foydaliroq. Buni obrazli tarzda quyidagi misol bilan tushuntirish mumkin.

Belgilari qo‘yilgan, harakat tartibga solingan to‘g‘ri yo‘ldan ketayotib haydovchi tirbandlikka duch keldi. Oldida ikki yo‘l bor: ozgina vaqt yo‘qotsa ham, qoidaga rioya qilib ravon yo‘ldan ketish yoki qoidani buzib, aylanma yo‘llardan yurib, o‘zini va avtoulovini xatarga qo‘yish, shu bilan birga, ortidan boshqalarni ham ergashtirib, yangi muammolarni yaratish. Avtoulov haydovchisi bir marta shu usulda ishini tez bitirib ketishi mumkin, ammo bu bilan o‘zi uchun yangi muammolar yaratganini bilmaydi. Chunki ertaga yana shu yerga yo‘li tushadi, endi u ochgan aylanma yo‘llar ham uni qutqarmaydi, chunki u yo‘l ikkinchi marta yurishga yaramaydi. To‘g‘ri yo‘lni esa o‘zi unutgan.

Qonun nima uchun kerakligini, unga amal qilishdan o‘zi va farzandlari, kelajagi uchun qanday foyda borligini odamlarga anglatmagunimizcha, huquqiy savodsizlikka qarshi kurashdan kutilgan samara bo‘lmaydi.

Huquqiy ta’lim-tarbiyani kampaniya tarzida, nomigagina emas, balki ma’lum maqsadni ko‘zlab, rejali va samarali tarzda olib borish lozim.

Shunga ko‘ra, aholining huquqiy bilimni oshirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha strategiyani tubdan o‘zgartirish lozim.

Avvalo, jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha 5 yilga mo‘ljallangan konsepsiya ishlab chiqish kerak. Unda barcha tashkilotlar oldiga aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishni ustuvor vazifa qilib belgilash zarur.

Adliya vazirligi tashabbusi bilan 2019‒2024 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi ishlab chiqilib, uni samarali amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» belgilanmoqda.

Konsepsiya fuqaro, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyati yuksaltirish, huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullarini joriy qilish, bunda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, yuridik ta’limni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish kabi ustuvor vazifalarni o‘zida qamrab oladi.

Oldimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etishday ulkan vazifa turibdi. Buning uchun huquqiy sotsiologiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash talab etiladi.

Shuningdek, huquqiy fanlarni rivojlantirishning ilmiy asoslangan rejalarini ishlab chiqish va uning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash zarur. Huquqiy madaniyatning mohiyati, mazmuni, tarkibiy tuzilishi va namoyon bo‘lishining falsafiy, ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik va yuridik muammolarini tadqiq etish, uni shakllantirish va yanada yuksaltirish usullarini aniqlashga qaratilgan ilmiy izlanishlar kutib turibdi olimlarimizni.

Aholining huquqiy bilimini oshirishni «oila – bog‘cha – maktab – mahalla –tashkilot –jamiyat» prinsipida tashkil qilish lozim. Shunda biz olib borayotgan ishlarda uzviylik ta’minlanadi.

Xorijda «Street law» degan tushuncha bor. Bu ko‘chada huquqiy targ‘ibot yoki oddiy huquq degan ma’noni bildiradi. Bunda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan volonterlar tomonidan jamoat joylarida odamlarga turli hayotiy vaziyatlarning huquqiy yechimi ko‘rsatib beriladi, shu orqali ularning huquqiy bilimlarini oshirishga erishiladi. Bizda ham shu tizimni joriy etish vaqti keldi.

Milliy huquqiy internet portalini yaratish lozim. Bunda qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, barcha milliy huquqiy saytlar, huquqiy elektron kutubxona va boshqa huquqiy ma’lumotlar bo‘ladi.

Biz hozirda bolalar uchun maxsus huquqiy sayt yaratyapmiz. Unda bog‘cha va maktab yoshdagi bolalarga odob-axloq qoidalari va huquq bo‘yicha boshlang‘ich bilimlar, Konstitutsiyani o‘rgatishga oid ilk tushunchalar ertak qahramonlari yordamida tushuntiriladi. Saytga huquqni targ‘ib qiluvchi turli xil o‘yinlar, mashg‘ulotlar joylashtiriladi.

Huquqiy saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy yo‘nalishdagi sahifalar, bloglar sonini ko‘paytirishimiz lozim. Bu bo‘yicha ham Adliya vazirligi ish olib boryapti. Masalan, hozirda  vazirlik tomonidan telegramda «Huquqiy axborot» kanali tashkil etilgan bo‘lib, kanal obunachilari soni 130 ming nafardan oshdi. Bundan tashqari yaqinda ingliz tilida huquqiy axborot tarqatadigan «Legal info» telegram kanali ishga tushirildi. Bunday axborot resurslarini yo‘nalishlar bo‘yicha masalan, migrantlar uchun alohida, yo‘l harakati ishtirokchilari uchun alohida va hokazo ko‘paytirishimiz lozim.

Aholiga bepul maslahat berish portalini o‘z ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimini yaratish ustida ham ish olib borilmoqda. Bu kabi portal Buyuk Britaniyada mavjud bo‘lib, unda huquqiy ma’lumotlar ma’lum klassifikator asosida sodda tilda joylashtirilgan.

Advokatlar va advokatlik tuzilmalari tomonidan bepul ixtiyoriy yuridik yordam ko‘rsatish (pro bono) tizimi ham ishlab chiqilmoqda.

Muammoli masalalar, xususan, migratsiya, moddiy yordam, yer olish, uy-joy olish, kommunal masalalar, imtiyozlar, aliment, ishga joylashish, ta’lim olish va boshqalar bo‘yicha huquqiy axborotni step by step (qadamma-qadam) usulida buklet, flayer, liflet va plakatlar shaklida aholiga yetkazish ustida ham ishlayapmiz.

Korrupsiya, halollik, to‘g‘rilik, qonunga hurmat, adolat tantanasi mavzularida targ‘ibot materiallari, didaktik materiallar, multiplikatsion hamda qisqa metrajli filmlar tayyorlash ishlari olib boryapmiz.

Bugungi kunda aholining ko‘pchilik qismi televideniyeni kuzatib boradi. Shunga ko‘ra biz elektron OAVda huquqiy targ‘ibotni faol amalga oshiryapmiz. Masalan, o‘z huquqlarini sud yoki boshqa tashkilotlar yordamida himoya qilishga erishgan fuqarolar tajribasini ommalashtirish maqsadida maxsus telereportajlar tayyorladik.

Qonun tili – murakkab til. Biz qonunlarni aholiga tushunarli, sodda, ravon tilda, ya’ni moslashtirib taqdim etyapmiz. Shuningdek, uyma-uy yurib, aholi bilan bevosita suhbatlar qilish, huquqiy maslahatlar berish orqali qonunlarni targ‘ib qilyapmiz.

Huquqiy targ‘ibotni kabinetda o‘tirib amalga oshirish yetarli samara bermaydi. Shu sababli Adliya vazirligi markaziy apparati hamda hududiy adliya organlari doimiy ravishda aholi orasiga chiqib huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishi lozim.

Oldimizda huquqiy targ‘ibotning yanada ta’sirchan usullarini tatbiq etish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha ulkan vazifalar turibdi. Albatta, hozirga davr va sharoit har birimizdan «huquqiy targ‘ibotchi» bo‘lishimizni talab etadi.

Bu masalada har bir idora, har bir davlat xizmatchisi va har bir fuqaro bosh qotirishi va ishlashi zarur.

Akbar Toshqulov, 
Adliya vaziri o‘rinbosari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring