Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jarima emas, ko‘mak kerak. Koronavirus sharoitida xorijiy mamlakatlar ta’lim sohasida nimalar qilmoqda? (davomi)

Jarima emas, ko‘mak kerak. Koronavirus sharoitida xorijiy mamlakatlar ta’lim sohasida nimalar qilmoqda? (davomi)

Foto: «Haber7»

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunlarda butun dunyoda maktab va universitetlarda tahsil olayotgan 87 foiz yoki 1 milliard 520 million yoshlar koronavirus tufayli uylarida qolmoqda.

Insoniyat uchun kutilmagan global inqiroz sharoitida xorijiy davlatlar ta’lim bobida qanday amaliy sa’y-harakatlarni olib bormoqda, raqamli dunyo imkoniyatlaridan nechog‘li foydalanmoqda, qanday samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda?

Janubiy Koreya maktablarida 9-apreldan distansion tartibda o‘quv yili boshlab yuborildi. Shahar va muzofotlar mahalliy hokimiyatlari, ta’lim vazirligi, «Samsung», «LG» kabi yirik kompaniyalar kam daromadli oilalar farzandlariga internetga ulanish uchun kompyuterlar (jami 320 ming dona) taqdim etish ishlarini boshladi.

Mamlakatdagi 3 ta yetakchi – «KT», «SK Telecom», «LG Uplus» mobil aloqa operatorlari esa ta’lim jarayonida raqamli kontentlardan foydalayotgan o‘quvchilarga limitsiz internet taqdim etishni yo‘lga qo‘ydi. O‘quvchilar Koreyaning «EBS» bolalar ta’lim telekanali kontentidan erkin foydalanishlari mumkin.

Singapurda mart oyi oxiridan maktabgacha ta’lim va o‘quv muassasalari ishini qayta tiklash rejalashtirilgan edi. Tibbiyot ilmiy tadqiqotlari asosida yosh avlod virusdan kam zararlanishi mumkinligi haqidagi xulosaga bunga asos bo‘lgan edi.

Biroq, bolalarni maktabga tayyorlovchi «PAP kommunyuti faundeyshn» xayriya jamg‘armasi markazlaridan birining 14 nafar ishchisi va direktori koronavirusga chalingach, 360 ta ana shunday markaz yopildi va cheklovni bekor qilish bo‘yicha reja bekor qilindi.

Hozirda barcha maktablarda 1-apreldan haftada bir marotaba onlayn rejimda uy ta’limi olib borilmoqda. Boshlang‘ich sinflar uchun ta’lim chorshanba kunlari, o‘rta maktablar uchun payshanba, kollej talabalari uchun juma kunlari o‘tkazilmoqda.

Malayziya Xalq banki 10 ta universitet yotoqxonalarida istiqomat qilayotgan talabalarni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun 25 ming dollardan moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi.

«YTL grup» korporatsiyasi «Yes» mobil aloqa operatori va «FrogAziya» ta’lim tashkiloti bilan birgalikda 1-5 sinf o‘quvchilari uchun fanlar bo‘yicha mobil ilova yaratdi, shuningdek mamlakatdagi har bir bolali oilaga 40 GB internet trafigiga ega bo‘lgan 5 tadan sim-kartalarni beg‘araz asosda tarqatdi. 

Pokistonning Panjob muzofoti hukumati xususiy maktablarga keyingi ikki oyda o‘qish uchun to‘lovlarni 20 foizga arzonlashtirish topshirig‘ini berdi. Shu bilan birga bunday chegirmalar o‘qituvchilar sonini qisqartirmaslik sharti bilan amalga oshirilishi jiddiy belgilandi.

Yaqin Sharq va Arab davlatlarida ham qator cheklovlar, shu bilan birga keng ko‘lamli yordam dasturlari yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari ta’lim vazirligi uyda repetitorlik qilish xizmatini 3 oy muddatga cheklab qo‘ydi. Bu tartib onlayn repetitorlik kurslariga tatbiq etilmaydi.  

Kuvayt Amirligi ehtiyot choralarini kuchaytirmoqda. Davlat va xususiy oliy ta’lim maskanlari, maktablar, harbiy ta’lim muassasalarida o‘ziga xos ta’til 10-oktyabrga qadar uzaytirildi. Bundan faqat bitiruvchi sinflar istisnodir. Chunki ular 4-avgustdan boshlab, oliy o‘quv yurtlariga imtihonlar topshirishishi zarur, oliygohlarda o‘qishlar esa sentyabrdan boshladi.

Qolaversa, tibbiyot xodimlari va boshqa shaxslar o‘rtasida ijtimoiy muloqotlarni minimallashtirish maqsadida shikoforlar o‘zlari ishlayotgan klinikalarga yaqinroqdagi maktablarda vaqtinchalik yashash uchun joylashtirilmoqda.

Misrda ham maktab ta’lim muassasalari to‘liq yopildi. Ta’lim va tarbiya vazirligi tomonidan o‘rta maktablarning 20 million o‘quvchilari uchun «Edmodo» yangi platformasini ishga tushirdi. 18 aprel holatiga ko‘ra, unda salkam bir million o‘qituvchi, 6 millionga yaqin o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. 

Eron ta’lim vaziri Muhsin Marzaiyning so‘zlariga qaraganda, u boshqarayotgan idora Aloqa va axborot texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilari uchun «Shod Medu» maxsus onlayn-platformasini ishga tushirdi.

Bu bazaga barcha toifadagi o‘quvchilar uchun 250 ming onlayn darslar joylashtirilgan va dasturga 2,9 million o‘qituvchi, axborot texnologiyalari mutaxassislari jalb etilgan. Onlayn darslar bilan shug‘ullanadigan har bir o‘qituvchiga oyiga 12 Gb hajmida internet-trafik bepul taqdim etilmoqda.

Eron ta’lim bo‘yicha oliy kengashi ham ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda oliy o‘quv yurtlariga hujjatlarni qabul qilish va joriy o‘quv yili maktab imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomani ishlab chiqdi va koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha markaziy shtabga taqdim qildi. Chunki 20 mayga qadar barcha onlayn mashqlar yakunlanib, imtihonlarga masofadan turib tayyorgarlik ko‘riladi.

Saudiya Arabistoni ta’lim bo‘yicha internet-kanallarini foydalanishga topshirdi, maktab, oliy o‘quv yurtlari fanlaridan dars berish uchun 20 ta TV-kanallarini ishga tushirdi. Yoshlarning masofaviy o‘qitishni rag‘batlantirish uchun maxsus mukofot ta’sis etildi.

6 million o‘quvchilar onlayn auditoriyalarda virtual o‘qitilmoqda. 1,6 million talaba esa masofadan o‘qitishning turli dasturlaridan faol foydalanmoqda. Ta’lim vazirligi 124 ming xorijdagi saudiyalik talablarning sog‘lig‘i va xavfsizligini muhofaza qilish masalasi bo‘yicha 31 ta byuro tashkil etdi.

«Saudi Telecom», «Mobily», «Zain» telekommunikatsiya kompaniyalari 20 dan 50 gacha Mbit/s tezlikka ega bo‘lgan ta’lim kanallari va uzatish platformalari uchun yuqori tezlikdagi internet-xizmatlarini taqdim etish bo‘yicha ishlarni faollashtirmoqda.

Shimoliy Amerikadagi Kanada davlatida ham barcha aholi ommaviy boradigan joylar qatori maktablar va bolalar bog‘chalari ish faoliyati to‘xtatildi. Bu yerda kerakli choralar ko‘rish yuzasidan barcha hududiy mintaqalar alohida-alohida qarorlar qabul qilmoqda.

Masalan, Britaniya Kolumbiyasi muzofotida o‘qituvchilar allaqachon masofadan ta’limni boshlab yubordi. «Keep Learning BC» yangi veb-sayti ishga tushirildi. Unda ta’lim resurslari bilan birgalikda dars jarayonlari o‘quv mavsumi yakuniga qadar olib boriladi.

Ontario muzofoti hukumati esa maktablar 4-mayga qadar yopiq bo‘lishini, onlayn darslar olib borish uchun jihozlarga ega bo‘lmagan oilalar internetga ulanishi uchun kerakli texnikalar bilan ta’minlanishini ta’kidladi.

Kvebek muzofoti hukumati maktablar may oyi oxirida ochilishi mumkinligini inkor etmayapti. Hozirda o‘quvchilar uchun elektron o‘qitish, onlayn-sinflar tashkil etilgan.

Foto: «Business Insider»

AQShda maktablar yopilishining salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida masofadan o‘qitish usullariga o‘tilmoqda. Barcha o‘quvchilarning ota-otalariga elektron ta’lim mahsulotlari («Kenvas», «Siyesav»)dan foydalanish imkoniyati taqdim etildi.

O‘qituvchilar video formatda va uzoqdan dars berishlari uchun avvalo ularning o‘ziga mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Pedagoglar bolalar topshiriqlarni qanday o‘zlashtirayotni tekshirib bormoqda va yangi, talabiga mos yangi mavzularni joriy etishmoqda, onlayn tarzda bo‘ladigan dars berish metodlarini tubdan o‘zgartirmoqda.

Bundan tashqari, inqirozga qarshi choralar paketi doirasida yillik daromadi 75 ming dollardan kam bo‘lgan  shaxslarga 1,2 ming dollar yordam puli ajratilmoqda, oilaning har bir bolasi uchun esa 500 dollardan to‘lanmoqda.

Nyu-York ma’muriyati garchi o‘quv yili oxiriga qadar maktablarni yopib qo‘ygan bo‘lsa-da, davlat maktablarining an’anaviy faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha kech qaror qabul qilgani uchun ko‘pchilik tomonidan tanqidga uchramoqda.

Chunki badavlat kishilar zurriyodlari o‘qiydigan xususiy maktablar o‘z mustaqil tashabbuslari bilan mart oyi boshidayoq yopilgan edi. Ammo davlat maktablari oy o‘rtasiga qadar faoliyat ko‘rsatdi. Ammo tan olish kerakki, bu maktablar 114 ming uysizlar va qashshoq oilalar bolalari uchun ijtimoiy xizmat markazi vazifasini ham bajardi. Davlat maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning yarmidan ko‘pi faqat shu yerda to‘yimli ovqat yeydi. Uysiz bolalar uchun esa maktab kiyim-kechaklarini tozalashi va yuvishi uchun yagona maskan hisoblanadi.

«Ko‘plab bolalar uchun maktab uyiga qaraganda xavfsizroq go‘sha edi», deydi o‘qituvchilardan biri. Ularning yopilishi natijasida Nyu-Yorkda hozir bolalar va oila zo‘ravonliklari keskin ortib ketdi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida, jumladan qo‘shni Qozog‘istonda 6-apreldan buyon maktablarda tahsil masofaviy formatda haftada 5 kun olib borilmoqda. 1—11-sinf o‘quvchilari uchun «Balapan» va «Yel Arna» telekanallari haftasiga 2 mingtagacha teledarslarni taqdim etayapti.

Axborot texnologiyalarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida «Ye-Learning» internet tizimi va «E-gov» portali orqali maktab va universitetlarda masofaviy o‘qitish tizimiga o‘tilmoqda.  

Qirg‘iz Respublikasida 26-martda oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida masofadan o‘tirish uslublarini tashkil etish bo‘yicha alohida farmon qabul qilindi. 8-apreldan telekanallarda 1—11-sinflar uchun videosaboqlarni efirga uzatish boshlandi. O‘quvchilar uchun 400 ta elektron darsliklar tayyorlandi.

Skrinshot

O‘zbekistonda ham onlayn ta’lim va telesaboqlar borasida tezkorlik bilan choralar ko‘rilgan edi. Shuningdek, aksariyat davlatlarda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘z yotoqxona va qo‘nalg‘alaridan chiqmagan holda masofadan tahsilni davom ettirishmoqda. Qiyin va murakkab ahvolda qolgan yoshlarga elchixonalarimiz va konsulliklarimiz xodimlari tomonidan barcha zarur yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Dilafro‘z Xudoyberdiyeva,
Bektemir tumani 290-umumta’lim
maktabi ingliz tili o‘qituvchisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring