Bundan buyon yosh bolalarning masjidga kirishiga monelik qilinmaydi (video)
O‘zbekistonning ayrim hududlarida, xususan, Namanganda maktab o‘quvchilari tarovih namoziga qo‘yilmagani haqida xabar bergan edik. Bizga ma’lum qilishlaricha, yosh bolalarning masjidga kirishini cheklash bekor qilinibdi.
Toshkent shahar Shayxontohur tumani bosh imomi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan bolalarning tarovih namozlariga kirishlariga ba’zi muammolar endi bartaraf etilgani haqida gapirdi. Uning bu haqdagi so‘zlari yozib olingan video ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda.
«Yosh bolalarga nisbatan ozgina mone’lik bo‘lgan joyi bor edi. Bugundan boshlab, yosh bolalar uchun bemalol darvozalar ochildi. Alhamdulillah, bu ham juda katta daraja. Saharliklar borasida biroz siqinti bo‘layotgandi, alhamdulillah, bunga ham ruxsat bo‘ldi», — deyiladi videoda.
Hozircha mazkur holat yuzasidan na Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, na O‘zbekiston musulmonlari idorasi va na Ichki ishlar vazirligi rasmiy ma’lumot bermadi. Odilxon qori aytib o‘tgan yangilik faqatgina Toshkent shahri hududida amal qiladimi yoki butun O‘zbekistonga daxldormi, bu haqda ma’lumotga ega emasmiz.
Eslatib o‘tamiz, tarovih namozlari boshlangan kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning turli hududlaridagi aksar masjidlariga 18 yoshga to‘lmagan bolalarni (otasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs bilan birga bo‘lsa ham) kiritilmayotgani haqida paydar-pay xabarlar yozilib turgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter