«Yashasin... Ulug‘bek Isomiddinov!»
«Ijtimoiy tarmoqlarning doimiy «qahramoni» qaysi hokim?» deyilsa, darhol ko‘z oldimizga ikki amaldor keladi: Shuhrat Abdurahmonov (Andijon viloyat hokimi) va Shuhrat G‘aniyev (Farg‘ona viloyati hokimi). Darhaqiqat, mojarolar «markazi»da bo‘lishda ikki adashga yetadigani yo‘q: bir-biridan qolishmaydiki, ularning qay biriga «birinchi o‘rin»ni berishniyam bilmaysan, rosti.
Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov «mashhurlikda» ular bilan tenglasholmaydi, albatta. Biroq «kuchli uchlikka» kirishi aniq. To‘g‘ri, U. Isomiddinov – Sh. G‘aniyevday «og‘zi polvon» yoki Sh. Abdurahmonovday turfa qiliqlari bilan tilga tushmagan. U asosan fuqarolarni sudma-sud sarson qilish, buning ortidan topgan-tutganini sovurishga sabab bo‘lib, kamiga sud qarorlarini bajarmaslik borasida ikki adashni changida qoldiradi, ishonavering!
Muhtaram Isomiddinov faoliyati haqida bir emas, bir necha marta tanqidiy maqolalar e’lon qilinganidan o‘quvchilarning xabari bor. Hokim buva o‘zi haqidagi maqolalardan norozi bo‘lib, sudga murojaat qilgani-yu biroq sudda yutqazib, mulzam bo‘lganidan ham jamoatchilik voqif. Shunga qaramay, o‘z joyida mustahkam o‘tirgan holda mahalliy fermerlarning «teskari duosi»ni olishdan charchamayotirki, bunga faqat «qoyi-i-il» deyish mumkin.
Eslaylik. 2019-yilning 9-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini maqbullashtirish» hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori chiqqandi. Mazkur hujjatni o‘ch olish vositasiga aylantirgan Ulug‘bek Isomiddinov 2019-yil 23-yanvar kungi qarori bilan «Sherzodbek oltin dalasi», «Jo‘rabek» hamda «Abduqahhor vorislari» fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini bir tomonlama bekor qilib yuborgani xususida avval ham yozilgan edi.
Darhaqiqat, hokimning mazkur qarori noqonuniy ekanligini Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati ham tasdiqlab qo‘ydi. Jumladan, huquqlari ayovsiz toptalgan uch fermer bir yil davomida sudma-sud yurib, va nihoyat, 2019-yilning dekabr oyiga kelib yuqori mahkamada o‘zlarining haq ekanligini isbotlab qo‘yishdi. Oliy sudda fermerlarning ziyoniga chiqqan quyi sud qarorlari ham, hokim tomonidan 2019-yil 23-yanvar kuni qabul qilingan qarorning yuqoridagi xo‘jaliklarga taalluqli qismi ham bekor qilindi.
Biroq Ulug‘bek Isomiddinov Oliy sud qarorini tan olsa, qani?! Aksincha, ma’muriy suddagi mag‘lubiyatidan keyin hokim janoblari «jangni» iqtisodiy sudda davom ettirishga tushdi. Iqtisodiy sudda ham «muzaffar bo‘lmog‘i» amrimahol edi, biroq «sudma-sud chopishlar» orqasidan vaqtdan yutar ediki, maqsad-muaddosi shu aslida. Chunki, hokimning o‘zi sudga bormaydi, uning vakili sifatida sergap va iqtidoridan iddaosi baland huquqshunos qatnashadiki, sud majlislarini achchiq ichakdek cho‘zishda unga yetadigani yo‘q. O‘sha huquqshunosning maslahati ila hokimning «fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuzilgan yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomalarini bekor qilish» mazmunidagi da’vosiga ko‘ra Andijon tumanlararo iqtisodiy sudida boshlangan sud jarayoni juda uzoq davom etdi. Masala Oliy sudga qadar kelib, natija shu bo‘ldiki, aylanib ham, o‘rgilib ham fermerlar haq bo‘lib chiqaverdi.
Buning uchun salkam ikki yil vaqt sarf bo‘ldi.
Shunga qaramay, hokimning xatti-harakatlari yiqilgan kurashga to‘ymaydi, degan naqlni yodga solaveradi deng!
Ulug‘bek Isomiddinov hamon ahdiga sodiq: fermerlarga yerlarini qaytarib berishni hatto xayoliga ham keltirmayapti. Ikki yil davomidagi muttasil sarson-sargardonliklar evaziga sudma-sud yurib, alal-oqibat «maqsadga erishdik» deb quvongan dehqonlar esa kuzgi boshoqli ekinlar ekish boshlangunga qadar xo‘jaliklari faoliyatini tiklash umidida Ulug‘bek Isomiddinovga termulib turishibdi. Bu termulishlardan zavq-shavq olayotgan mansabdorning kayfiyati esa chakki emas: dehqonchilikda o‘rni bo‘lgan fermerlarni «sindirishi» bilan boshqa yer egalariga qarata xuddiki «Ko‘rib qo‘y, menga Oliy sud qarori ham bir tiyin. Tumanda faqatgina mening aytganim – aytgan, deganim – degan. So‘zimni ikki qilganning esa holiga voy», deya ishora berayotganday.
Holbuki, tumanda hech bir asossiz yeridan mosuvo etilgan o‘nlab fermerlar norizo bo‘lib, hokimlik bilan sudlashib yurganligi yana qator maqolalarga mavzu bo‘ladi. Ammo matbuotdagi bu chiqishlar natija bersa, qani? Fuqarolarning konstitutsion huquqlari buzilayotganligi, sud qarorlarining tan olinmayotganligi prokuratura idoralariniki o‘ylantirmayotgan ekan, Ulug‘bek Isomiddinovning oshig‘i olchi bo‘laveradi-da! Mingta maqola yozmaysanmi? Sening qalamingdan hokimning «qilichi» o‘tkirligini aslo unutma.
Yer munosabatlari bilan bog‘liq shunday ajabtovur holatlar borki, eng unumdor maydonlar yer uchastkalariga, tadbirkorlik sub’yektlariga berib yuborilmoqda. Paxta va g‘alla ekilayotgan maydonlar esa o‘z yukini tortishga yildan yilga zaiflashmoqda. Shu o‘rinda bir haqiqatni aytib o‘tmoqlik darkor. Ulug‘bek Isomiddinov hokim bo‘lgandan buyon paxta tayyorlash rejasi abgor holatda. Buning ortidan kelgan ziyonlar bir necha o‘n milliardlarni tashkil etadi, deyavering. Ilg‘or fermerlarni sudma-sud sarson qilib, tavbasiga tayantiraversa, har qanday topshiriqlarni labbay deb bajaruvchi, ammo dehqonchilikka uquvi yo‘q fermerlarni esa istagancha qo‘llayversa, bundan ortiq yana qanday natija bo‘lishi mumkin?
Yunon faylasufi Aflotunning «Qaysi yurtda qonunlar hokimlar ustidan hukmron bo‘lsa, hokimlar esa qonunga qul bo‘lsa, o‘sha yerga Xudoning ne’matlari yog‘ilib turadi», degan purma’no hikmati bor. Andijon tumani hokimining esa qonunlarga qul bo‘lishidan ko‘ra tuyaning dumi yerga tegishi haqiqatga yaqinroq, chog‘i?!
Nimayam derdik: yashasin... Ulug‘bek Isomiddinov!
Usmonjon Aliyev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter