Yaqinda tashkil etilgan vazirlikning nomi o‘zgaradi
Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb qayta nomlanadi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, vazirlikda alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tashkil etildi.
2023-yil 1-dekabrgacha tumanlarda (shaharlarda) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatiladi.
2024 yildan, jumladan, quyidagilar uchun har yili 500 milliard so‘m ajratiladi:
- «yashil belbog‘», «yashil bog‘» va «yashil jamoat park»lar hamda «yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish va doimiy foydalanuvchiga topshirilgunga qadar saqlab turish;
- asosiy temir yo‘l va magistral avtoyo‘llar bo‘yida daraxt ko‘chatlarini ekish;
- har bir tuman va shaharda 5 gektardan kam bo‘lmagan maydonlarda bog‘lar barpo etish.
Shuningdek, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, Tabiat resurslari vazirligi 2023 yil 1 yanvarda tashkil etilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter