Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya O‘zbekistonga zamonaviy tibbiy uskunalar taqdim qildi

Yaponiya O‘zbekistonga zamonaviy tibbiy uskunalar taqdim qildi

Yaponiya hukumati iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatish dasturi doirasida O‘zbekistonga tibbiy-diagnostika uskunalari taqdim qildi. Uskunalarni topshirish marosimida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama hamda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Yaponiya parlamenti Vakillar palatasi a’zosi Keydzi Furuya ishtirok etdi.

Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, umumiy qiymati 500 mln iyenani (qariyb 4,6 mln AQSh dollari) tashkil etuvchi beg‘araz ko‘makka doir Almashuv notasi 2020 yilning iyunida, dunyo koronavirus pandemiyasi deb atalgan ofatga duch kelgan paytda imzolangan edi.

Dastur doirasida tibbiy muassasalarga kompyuter tomografiyasi uchun uchta skaner hamda ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mobil tibbiy  konteyner taqdim etilmoqda.

Kompyuter tomografiyasi uchun skanerlar koronavirus infeksiyasi hamda boshqa og‘ir xastaliklarga tashxis qo‘yishda asqatadi. Eng so‘nggi tibbiy jarayonlarni hisobga olgan holda tayyorlangan mobil konteyner esa chekka hududlar aholisiga ko‘mak ko‘rsatish, xususan, favqulodda holatlarda tezkor yordamda qo‘l keladi. Yapon texnologiyalari tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor ko‘mak tizimini takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil fevral oyida Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama hamda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi klinikada xizmat sifatini oshirishga qaratilgan loyiha bo‘yicha Almashuv notasini imzolagan edi. Loyiha doirasida tibbiy muassasaga 794 million iyena (7,35 million AQSh dollari) miqdorida tibbiy uskuna va o‘quv materiallari yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring