Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana quyosh elektr stansiyalari haqidagi mujdalar boshlandi

Yana quyosh elektr stansiyalari haqidagi mujdalar boshlandi

Samarqand va Jizzax viloyatlarida har birining quvvati kamida 200 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur loyihalar O‘zbekiston Hukumatining yaqin 10 yil ichida quyosh elektr stansiyalari ulushini 5 GVt.gacha oshirish bo‘yicha energetika strategiyasiga kiritilgan.  

Bu islohotlar doirasida Hukumat tomonidan kelishuvlar bo‘yicha yetakchi maslahatchi sifatida, quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari loyihalarini ishlab chiqish va tenderlar o‘tkazishda texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) jalb qilingan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Samarqand va Jizzax viloyatlarida har birining quvvati kamida 200 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi loyihalari bo‘yicha tenderda g‘olib chiqish uchun 15 nafar investor bellashadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi qurish haqidagi yangiliklar tez-tez yangrab turadi. Samarqandda Markaziy Osiyodagi ilk fotoelektr stansiyasining qurilishi 2014-yilda (!) katta shov-shuvlar bilan e’lon qilingan edi. Biroq qurilish 2018-yilga kelib negadir to‘xtatildi.

Keyinchalik shunday stansiya Navoiyda qurilishi kerak edi.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida ham shu yilning 1-fevral kuni fotoelektr (quyosh) stansiyasini qurish bo‘yicha birinchi pilot loyihasi boshlangani e’lon qilingandi.

Qolaversa, energetika vazirligi yaqinda O‘zbekiston o‘n yil davomida umumiy quvvati 5000 MVt bo‘lgan fotoelektrik (quyosh) elektr stansiyalarini (QES) qurish haqida katta va’da berib yubordi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring