Yana bir pandemiya boshlanishi ehtimoli yuqori
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Melita Vuynovichning ta’kidlashicha, dunyo aholisi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar olishdan bosh tortayotgani yoki buni paysalga solayotgani sog‘liqni saqlash sohasidagi strategik vazifalar ijrosiga putur yetkazadi.
Insoniyat koronavirus infeksiyasi bilan yonma-yon yashashga ko‘nikdi. Endi bu kasallik odamlarda avvalgidek kuchli vahima va xavotir uyg‘otmay qo‘ygani ham rost. Ammo bu xotirjamlik ortidan insoniyat ehtiyotkorlikni unutayotgani tashvishlanarli.
Masalan, emlanmagan aholi qatlami ko‘payishi bilan qizamiq va poliomiyelitga chalinganlar soni ortmoqda. Vaholanki, avvallari bu kasalliklarga sayyoramizning ba’zi mintaqa va davlatlarida butunlay barham berilgan edi.
JSST eksperti fikricha, ommaviy emlash chora-tadbirlari natijasida Yer yuzida yiliga 3 millionga yaqin o‘lim holatlarining oldini olish mumkin.
Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo bo‘yicha 25 million nafardan ortiq bolalar difteriya, qoqshol va ko‘k yo‘talga qarshi rejali vaksinatsiya jarayonlarini o‘tkazib yuborgan. Bu borada Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida ahvol ancha xavotirli.
Avvalroq JSST kelgusida noma’lum — «X» xastaligi tarqalishi xavfidan ogohlantirgan edi. Olimlar xulosasiga ko‘ra, yana bir pandemiya boshlanishi ehtimoli yuqori. Bunga esa o‘z vaqtida oldi olinmagan mavjud virus va infeksiyalarning yangi mutatsiyalari sabab bo‘lishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter