Xorijda O‘zbekiston tarixi, madaniyati va o‘zbek tilini o‘rganish targ‘ibotiga 10 mlrd ajratiladi
Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi, madaniyati va o‘zbek tilini o‘rganish targ‘iboti amalga oshiriladi. Prezidentning bu boradagi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tili va adabiyoti, madaniyati va tarixini o‘rgatishni nazarda tutuvchi «Uzacademy» internet platformasi yaratiladi.
Qayd etilishicha, 2024 yil 1 yanvarga qadar Rossiya, Qozog‘iston, Fransiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston va Xitoy mamlakatlarining ta’lim va ilmiy muassasalarida «Uzbek Studies» kafedralari faoliyati yo‘lga ko‘yiladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab har yili «Uzacademy» internet platformasi orqali onlayn tarzda hamda «Uzbek Studies» kafedralarda ta’lim olayotgan yoshlar o‘rtasida olimpiada, viktorina va musobaqalarda g‘olib bo‘lganlar uchun «Xush kelibsiz, O‘zbekistonga!» dasturi amalga oshiriladi.
Bunda:
- olimpiada, viktorina va musobaqalar g‘oliblariga O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida o‘qish, yosh olimlarga yurtimizga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun stipendiyalar ta’sis etiladi;
- davlat granti 10 nafar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va 10 nafar magistratura mutaxassisliklariga, stipendiyalar 10 ta o‘rin uchun doktorantura va stajirovka o‘tashga ajratiladi.
Ta’kidlanishicha, qaror ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni moliyalashtirishga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 mlrd so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter