Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqimiz boshiga tushgan sinovni hamjihatlik bilan yengamiz

Xalqimiz boshiga tushgan sinovni hamjihatlik bilan yengamiz
Mamlakatimizda koronavirus xastaligining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad bitta — butun dunyoga jiddiy tashvish olib kelayotgan virusdan odamlarimizni asrash, undan talafotlarsiz chiqishdir.
 
Hukumat va barcha tegishli tuzilmalar bu yo‘nalishda o‘z vazifalarini ishonch bilan, masala mohiyatini anglagan holda amalga oshirayotgani ko‘rinib turibdi. Bu eng avvalo muammo bilan shug‘ullanishni O‘zbekiston rahbariyati hozir emas, balki ancha avval, bu borada boshqa davlatlarda dastlabki ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan boshlab yuborganligi, ushbu yo‘nalishda tizimli ishlarni amalga oshirishga kirishganligi natijasidir.
 
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu masala yuzasidan alohida yig‘ilish o‘tkazib, amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganganligi, qolaversa qilinishi kerak bo‘lgan navbatdagi vazifalar ko‘lamini belgilab berganligi bu borada jamoatchilikda tug‘ilayotgan ko‘plab savollarga javob bo‘lgan edi.
 
Shu o‘rinda mamlakatimizdagi eng ko‘p a’zolarni birlashtirgan yirik siyosiy partiya bo‘lmish Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglash borasida quyidagilarga e’tibor qaratadi:
 
birinchidan, mamlakatimiz hukumati va ushbu masalaga daxldor bo‘lgan davlat idoralari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat rahbari o‘tkazgan brifingda tegishli idoralar oldiga qo‘ygan vazifalarni so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashlari lozim. Ushbu masalalarga munosabati orqali har bir mas’ul xodim nafaqat o‘z ishining qanchalik professionali ekanligini, balki haqiqiy vatanparvarligini ko‘rsatishi, bu bilan barcha yurtdoshlarimizga o‘rnak bo‘layotganligini unutmasligi zarur.
 
ikkinchidan, masalaning yana bir muhim jihati shundan iboratki, yuzaga kelgan vaziyatdan xalqimizni bezarar olib chiqish ko‘p jihatdan hukumat idoralari bilan fuqarolik jamiyatining baqamti ishlashiga, hukumat amalga oshirayotgan ishlarning aholimiz tomonidan ham to‘liq qo‘llab-quvvatlanishiga bevosita bog‘liq.
 
uchinchidan, biz fuqarolik jamiyati institutlarini, keng jamoatchiligimizni bugun hukumat tomonidan koronavirusning yurtimizda tarqalishini oldini olish borasida belgilangan chora-tadbirlarini amalga oshirishda yaqindan ko‘makchi bo‘lishga chaqiramiz.
 
to‘rtinchidan, bundan bu yog‘iga videokonfrensiya formatida ishlash, virus tarqalishini oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish, fuqarolar o‘zini-o‘zi izolyasiya qilishi lozim deb hisoblaymiz. Qo‘l berib, quchoqlashib so‘rashish, ommaviy tadbirlar bo‘ladigan joylarda kamroq bo‘lish, qo‘lni tez-tez yuvib turishni tavsiya etilayotgani ham bejiz emas. Mazkur jarayonda Sog‘liqni saqlash vazirligi virus tarqalishining og‘ir oqibatlarini oldini olish va bartaraf etish uchun zarur jihozlar va apparatlar bilan ta’minlash choralarini zudlik bilan ko‘rishi juda muhim.
 
beshinchidan, joylarda komissiyalar tuzib, ularda deputatlarning ishtirokini ta’minlash, ayniqsa, aptekalarda maskalar narxini oshib ketishi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, maskalarni retsept bo‘yicha tekin tarqatishni yo‘lga qo‘yish zarur.
 
Avvalo, e’lon qilingan karantin bilan bog‘liq ayrim cheklovlarni to‘g‘ri tushunish hamda ularni buzmaslik barchamizning oldimizdagi eng asosiy vazifa hisoblanadi. Vaholanki, bunday kasalliklarga qarshi turishda qat’iyatlilik va tartib-intizom juda katta samara berishi shubhasiz.
 
Kasallik o‘chog‘ida bo‘lgan, qolaversa ushbu kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan yurtdoshlarimiz tezlikda bu haqda ma’lum qilishi nafaqat uning o‘ziga o‘z vaqtida yordam berilishini, balki ko‘plab boshqa yurtdoshlarimizni ushbu xavfdan xalos qilishini ta’kidlab o‘tmoqchi edik.
 
Fuqarolarning kasallikdan o‘zini asrash borasida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari berayotgan tavsiyalarga amal qilishi kasallikning tarqalishida eng samarali vositalardan biri ekanligini unutmasligimiz kerak.
 
Shu kunlarda ko‘zga tashlanayotgan hodisalardan biri ayrim “tadbirkorlar” tomonidan sotayotgan mahsulotlari va ko‘rsatayotgan xizmatlari narxini oshirishga bo‘layotgan urinishlarda o‘z ifodasini topmoqdaki, elga boshiga kelgan ishdan o‘z foydasini ustun qo‘yish haqiqiy tadbirkorning ishi emas. Imkoniyatdan foydalanib, shunday vaziyatda odamlarga yordam ko‘rsatish uchun saxovatpeshalik qilayotgan tadbirkorlarimizga minnatdorchiligimizni bildirgan holda, yuqoridagi kabi holatlarga yo‘l qo‘yayotgan “tadbirkor”larni bunday xatti-harakatlardan tiyilishga chaqirib qolamiz.
 
Shuningdek, ish beruvchi vazirlik, idoralar, korxonalar rahbarlari, u yerda ishlovchi xodimlar cheklovchi chora-tadbirlarga qat’iy amal qilishi lozim. Bu o‘zlari, hayotlari uchun muhimligini yaxshi anglashlari kerak. Isitmasi bor xodimlar ikki hafta davomida uyida karantin sharoitida o‘tkazsin va bu rejimni hech kim buzmasligi kerak.Kasal odamlarni ko‘rishni, hol-ahvol so‘ragani borishni vaqtincha to‘xtatib turish, yig‘ilish o‘tkazish mumkin bo‘lgan joyda issig‘i chiqqan bo‘lsa, ularga alohida kirish yo‘lagi qilish maqsadga muvofiqdir. Bu borada joylardagi birlamchi bo‘g‘in vrachlari va tibbiyot xodimlarini koronavirusga qarshi faolligi uchun ularni rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqilsa yaxshi bo‘ladi.
 
Yuzaga kelgan vaziyatda jurnalistlar, blogerlar, barcha OAV vakillarining aholiga zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida va ob’yektiv tarzda yetkazishdek muhim vazifani bajarishga kirishganligi, shu orqali o‘z grajdanlik pozitsiyasini namoyon etayotganlari nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘layotganligini alohida ko‘rsatib o‘tmoqchimiz.
 
Bularning barchasi bir narsani yaqqol ko‘rsatadiki, shu jamiyatning har bir a’zosi bahamjihat harakat qilib, ushbu vaziyatda o‘ziga yuklangan mas’uliyatni to‘la his qilgan holda ish olib borsa, albatta qisqa vaqt ichida biz bu muammoni bartaraf etamiz.
 
Biz ko‘p sinovlarni boshidan o‘tkazib, ularni mardona yenggan dono xalqimizni ushbu sharoitda ham eng to‘g‘ri yo‘ldan borishiga ishonamiz.
 
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri o‘rinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring