Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro sharhlovchining yangi kitobi chop etildi

Xalqaro sharhlovchining yangi kitobi chop etildi

Qo‘limga yaqinda bosmadan chiqqan, taniqli diplomat, mohir jurnalist va iste’dodli yozuvchi Abror G‘ulomovning «DUNYo: nimalar bo‘lyapti o‘zi?» kitobi tushdi. «Renessans» nashriyotida chop etilgan ushbu kitobda muallifning bir yildan ortiq vaqt oralig‘idagi (51 ta) turli sharhlari jamlangan.

Kitobdagi maqolalar sarlavhalari ham o‘quvchi diqqatini o‘ziga jalb qiladi: «Diplomatning «qattiq noni», «Suriya va Turkiya: «Yarash oshi» tomon...», «So‘nggi hamla! Yo chikka Yo pukka», «Sho‘r peshonalar», «Afg‘oniston osmonida qora bulutlar».

Kitobning qamrovi keng, mavzulari dolzarb, muallifning tahlili chuqur va puxta. Muallif kirish qismida shunday yozadi: «O‘zAda bir yildan sal oshriqroq muddat faoliyat olib bordim va ushbu kitob ana shu unutilmas davrlar hosilasi o‘laroq dunyoga keldi».

Muallif axborot olish imkoni behisob bo‘lgan, erta bilan yangilik deb «jar» solingan xabar kechga borib ahamiyati yo‘qolib qolayotgan shiddatli zamonimizda O‘zAda sermahsul mehnat qildi. Dunyoning turfa voqealari tahliliga bag‘ishlangan «Jumadan jumagacha» ruknidagi maqolalari sayt o‘quvchilari orasida tez shuhrat topdi.

Odatda siyosiy matnlar biroz quruq va sovuq, tanqidchilar ta’biri bilan aytganda, «yalang‘och» bo‘ladi. «Jumadan jumagacha»ning muallifi esa, biz ko‘nikkan odatiy matnlarga yangicha ruh bag‘ishladi. Muallifning yozish usuli, qochirimlari, ishoralari, jumlalarning sodda va ayni paytda o‘ta tagdorligi o‘quvchini o‘ziga tortib turadi.

Voqealar sayyoramizning qaysi bir burchida sodir bo‘lmasin, muallif sizni shu joyga beixtiyor yetaklab boradi.

Sharhlovchi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan voqea-hodisalarning keng xalq ommasi xabari bo‘lmagan, ko‘zga tashlanmaydigan, lekin voqeaning asl sabablarini ochib beradigan tafsilotlari bilan tanishtiradi, asosiy e’tiborni masalaning mohiyatiga qaratadi.

Abror aka yozish asnosida dunyo miqyosidagi hodisalarni juda ham katta axborot oqimi ichidan nozik nuqtalardagi ma’nolarni anglab olgan va o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda, har bir millat va yurtda o‘z tarix zarvaraqlariga bitilsa arzigulik tomonlarini ommaga tezkorlik bilan yetkaza bilgan. 

Bu o‘rinda Abror G‘ulomovning xalqaro munosabatlar sohasida uzoq yillari «suyagi qotgani» ham katta ta’sir ko‘rsatgani tabiiy. U ancha yillar «Jahon» axborot agentligi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi, mamlakatimizning Istanbuldagi Bosh konsuli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro aloqalar bo‘yicha sho‘’basi boshlig‘i, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot tahririyatining Bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlaganidan o‘quvchilar yaxshi xabardor.

Muallif ijodini yaqindan kuzatib borayotgan, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori L.Rahmatov uning ijodiga, jumladan, shunday baho beradi: «So‘nggi yillarda xalqaro mavzular bo‘yicha mukammal siyosiy sharhlar, qat’iy jurnalistik pozitsiyaga bo‘lgan barkamol maqolalar jurnalistikamizdagi eng og‘riqli hodisaga aylanib qolayapti. Shu ma’noda, Abror G‘ulomov xalqaro sharhlarida tahlil kuchining aniq faktlar va voqealarning rivojlanish istiqbollarini qamragan uyg‘unligini kuzatish mumkin. Haqiqiy ekspertning yorqin xulosalari va bashoratlari silsilasi oxir-oqibat bashariyatni doim tinchlik sari intilishga, hurfikr afgor omma va siyosatni shakllantiruvchi kuchlarning umummanfaatlariga xizmat qilishga chorlashdek olijanob fazilatlarga chaqiradi».

So‘nggi uch-to‘rt yilda yozuvchi o‘ziga xos «katta sakrash»ni amalga oshirib, mamlakatshunoslik, chin insoniy munosabatlar, davlatlararo hamkorlikning mushtarak tarixiy ildizlaridan so‘zlovchi, jahon ayvonida milliy manfaatlarimizning nozik qirralarini mahorat bilan ochib bergan «Istanbul daftari», «E’tiqodni afzal bilib...» kabi bir-biridan qiziqarli asarlarni yaratdiki, o‘quvchilar uchun bu ajoyib tuhfa bo‘ldi.

Abror G‘ulomovning yangi kitobi siyosiy sharhlovchilar, ayniqsa, yosh tahlilchilar va tahririyatlarda faoliyat yuritadigan jurnalistlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘tashi shubhasiz.

Madina Zufarova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring