Xalqaro oila kuni endi O‘zbekistonda ham nishonlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 27-iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» qarorni imzoladi.
Unga ko‘ra, quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar etib belgilandi:
— oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;
— zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;
— demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish;
— oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash;
— oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-sentabrdagi A/RES/47/237-son rezolyusiyasi bilan e’lon qilingan Xalqaro oila kuni respublikaning barcha hududlarida har yili nishonlanadi.
«Oila» markazi respublikada 2019-yilda va keyingi yillarda Xalqaro oila kunini nishonlash to‘g‘risidagi hukumat farmoyishi loyihasini 2018-yil 1-sentabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter