Xalqdan uyalmaydigan rahbarlar bor ekan, dushmanning keragi yo‘q
...Bir viloyatning travmotologiya shifoxonasida bittagina lift bor, xolos. Undan faqat og‘ir ahvoldagi bemorlargina olib chiqiladi. Hatto oyog‘ini sindirib olganlar ham beshinchi qavatga qadar zinadan chiqishga majbur. Agar hushidan ketib qolish xavfi bo‘lsa, liftdan foydalanishi mumkin, yo‘qsa...
Shu viloyatning moliya boshqarmasiga boring: binoning hashamatiga og‘zingiz ochiladi. Moliya xodimlari bo‘lmish yosh-yosh yigitchalar uchinchi qavatga ham Germaniyadan keltirilgan antiqa liftda ko‘tarilishadi (bu liftdan foydalanish uchun og‘ir ahvolda bo‘lish yoki hushdan ketish shart emas).
Savol tug‘iladi: shu hashamatlar uchun ana o‘sha — lift yetishmagani uchun beshinchi qavatga qadar qo‘ltiqtayoqda chiqishga majbur bo‘layotgan xalq vakillari to‘lagan soliqlardan foydalanilganmi? Tabiiyki, foydalanilgan. Bu – adolatsizlikning eng xunuk ko‘rinishi emasmi?
Toki amaldorlar xalqdan uyalmas ekan, xalq bilan hisoblashmas ekan, bizga boshqa dushman shart emas. Bitta ko‘zini yog‘ bosgan, xalqdan uzoq amaldor yurtga zarar keltirish bo‘yicha chetdan keladigan mingta yovning o‘rnini bosa oladi.
Eslatma: Mabodo o‘sha viloyat qaysi ekanini bila olmayotgan bo‘lsangiz, o‘z hududingiz kasalxonasiga boring. Lift yo‘qmi, demak, bu gap o‘sha viloyatga tegishli.
Dilfuza Komil
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter