«Xabar.uz» surishtiruvi: «Malika» savdo markazidagi ayrim do‘konlar nega yopildi?
Bir necha kun oldin Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan «Malika» savdo markazidagi bir nechta do‘konlar faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgani haqidagi xabarlar internet nashrlari olamini bosib ketgan edi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta savdo markazidagi do‘konlarning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Endi «Malika» savdo majmuasida joylashgan do‘konlarning barchasi yuridik shaxs sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida bugun, 11-aprel kuni «Malika» savdo markaziga bordi. Muxbirimiz «Premium Prime Service» MChJ direktori Asqar Azimov bilan uchrashib, ushbu masalaga oydinlik kiritdi.
— 2018-yil 5-mart kuni Toshkent shahar hokimligi Binolardan foydalanish departamenti va Toshkent shahar ijaraga berish markazi DUK bilan tuzilgan tegishli shartnomalar asosida Shayxontohur tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasidagi 57, 59, 61-uylarda joylashgan binolarni ijaraga olish shartlari bo‘yicha mazkur binolarning ijara to‘lovlarini Toshkent shahar hokimligiga to‘lab borish vakolatini olganmiz, — deydi A.Azimov biz bilan suhbatda.
— Yaqinda ayrim OAV orqali tarqatilgan xabarlar amaldagi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Savdo majmuasidagi tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatiga hech kim to‘sqinlik qilayotgani yo‘q. Na soliq inspeksiyasi, na hokimlik va na biz tomondan hech qanday tazyiqlar kuzatilmagan. Faqat Davlat soliq qo‘mitasining qonuniy talablariga javob bermagani uchun ayrim tadbirkorlar o‘z xohishi bilan o‘z do‘konlarini sun’iy ravishda yopib qo‘yishgan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘z faoliyatini qonuniy tarzda olib borayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan faol tadbirkorlar bor va do‘konlarda ishlarini davom ettirishmoqda.
Shuningdek, OAVlarning qayd etishicha, hozir ko‘pchilik yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritmoqda, tegishli idoralarning talabiga ko‘ra, endi shular tugatilib, yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritishi talab etilayotgan edi.
— O‘z faoliyatini qonuniy olib borayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga e’tiroz yo‘q. Lekin bir turdagi tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ichida bir necha xil turdagi sub’yektlar bilan savdo qilayotganlar o‘z-o‘zidan do‘konlarini yopishmoqda. Ular ham o‘z xatolarini tushunishgan, — deya aniqlik kiritadi A.Azimov.
A.Azimovning aytishicha, «Premium Prime Service» MChJ binolardan foydalanganlik uchun Toshkent shahar hokimligiga fevral oyida 560 million so‘m, mart oyida esa 616 million so‘m miqdorida ijara to‘lovlarini amalga oshirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter