«O‘tgan yili vazirlik va hokimliklar xodimlari ustidan 25 mingta shikoyat kelib tushgan» – Prezident
Bugun, 4-avgust kuni Prezident Mirziyoyev raisligida davlat xizmatini isloh qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari bugungi yig‘ilishda asosiy e’tibor 30 yildan beri keyinga surilib kelinayotgan masalalar yechimiga qaratilishini ta’kidladi.
«Gap 35 million aholimizning hayotini yengil qiladigan, kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan – davlat xizmatini isloh qilish hamda boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish haqida borayapti», – dedi Prezident.
Qayd etilganidek, hozirda bu sohada 118 ming kishi mehnat qilmoqda. So‘nggi yillarda davlat xizmatchilari xalqqa ancha yaqinlashdi, «mahallabay» va «xonadonbay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Xodimlarga samarali ishlashlari uchun munosib sharoitlar yaratildi.
Natijada, davlat xizmatida 40 yoshgacha bo‘lgan xodimlar ulushi 61 foizga yetdi (ilgari 37 foiz bo‘lgan).
«Lekin, hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q.
Misol uchun, o‘tgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va mas’uliyatsizligi haqida 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bog‘liq 7 mingta shikoyat kelib tushdi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lum qilinishicha, eng ko‘p shikoyatlar Sog‘liqni saqlash va Xalq ta’limi vazirliklari, shuningdek, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter