Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vazir Mehribonlik uyi bitiruvchilari bilan monomarkazga bordi

Vazir Mehribonlik uyi bitiruvchilari bilan monomarkazga bordi

Bugun, 23 sentyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Yunusobod tumanidagi 23-sonli mehribonlik uyi bitiruvchi sinf tarbiyalanuvchilari uchun maxsus press-tur tashkil etildi.

«Mehribonlik uyi 2014 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, unda 3-18 yoshdagi bolalar tarbiyalanadi. Bugungi kunda 142 tarbiyalanuvchimiz bor. Shulardan 23 nafari bitiruvchilardir. Ularga mehribonlik uyi tomonidan to‘liq ta’minot mavjud, o‘qishlari hamma bolalar singari odatiy maktablarda. Qo‘shimcha to‘garaklar yaratilgan. Joriy yilda 22 nafar bitiruvchimizdan 5 nafari talabalikka qabul qilingan. Qolgan 17 nafari bilan qo‘shimcha darslar olib borilmoqda. Barcha bitiruvchilarimizga kuni kecha Milliy gvardiya tomonidan bir xonalik uylar taqdim qilindi», — deydi 23-sonli mehribonlik uyi rahbarining birinchi o‘rinbosari Tohir Sobirov.

O‘ziga xos ekskursiya Texnoparkdan boshlandi. Yoshlarga ishlab chiqarish jarayoni haqida to‘liq ma’lumot berildi.

«Mehribonlik uyida bizga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Besh mahal issiq ovqat, o‘qishimiz va dars qilishimiz uchun barcha sharoitlar mavjud. Bayram tadbirlarda sayrlarga olib chiqishadi. Uch oy yozgi ta’tilni oromgohda o‘tkazdik. Men uchun ham bugungi tashrif juda qiziq, albatta, bu kelajakda kasb tanlashimda muhim deb o‘ylayman», — deya ta’kidlaydi Mehribonlik uyi bitiruvchisi Robiya Jo‘rayeva.

Keyingi tashrif Yashnobod tumanidagi monomarkaz tomon bo‘ldi. Bu yerda yaratilgan imkoniyatlar, bandlikka ko‘maklashish va aholining daromadga ega qatlamini ko‘paytirish maqsadida tashkil etilgan o‘quv kurslari haqida batafsil ma’lum qilindi.

Ushbu vazifani Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov o‘z zimmasiga oldi. Vazir bitiruvchilar bilan qadamba-qadam o‘quv xonalariga kirib, kerakli kasbni tanlash, o‘z qiziqishlari bilan mushtarak bo‘lgan kasblarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Ularga hozirda 18 ta korxonalarda mavjud 1200 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lum qilindi.

«Sizlar mamlakatimiz kelajagisizlar. Hammaning o‘z qiziqishi bor. Kelajakda ma’lum bir kasbni o‘rganishlaringiz, oila boqishingiz kerak. Ushbu markaz sizlar uchun doim ochiq. O‘quv jarayonlarini o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘ring, tanishing, qiziqishingiz bo‘yicha bizga murojaat qiling. Mayli, biz sizga bugun javobini ayt, demaymiz. Sizlar bitiruvchi sinfsizlar, kamida bir yil muddat bor. Qiziqqan kasbingiz bo‘yicha tashrif buyuring, hammasi tekin. Uch oylik o‘quv kursi davomida sizga sertifikat taqdim qilamiz. Yuqori oylik maosh asosida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Hozirda respublikamiz bo‘yicha bunaqa markazlar juda ko‘p tashkil etilgan. Ko‘pchilik negadir hamon xabarsiz. Biz o‘quv kurslarini tugatgan yoshlarni chet elga ishlash uchun ham yuborayapmiz. Aholi ma’lum kasbni egallab, oilasi ta’minotini yaxshilay olsa, biz ham xursand bo‘lamiz», — deya yoshlarga murojaat qildi vazir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring