Vatandan bezdirish emas, vatanni sevdirish kerak!
Qishloqlarimizda yana yashash uchun kurash boshlandi. Qor yog‘sa, ichimizga yog‘ayotgandek bo‘ladi, shahardagi uyning «komforti» ham tatimaydi: zim-ziyo, sovuq qishloqlarda qiynalayotgan qancha qadrdonlarimiz bor!
— Ko‘rgani kelaman deb o‘tirma, shamollab qolasan. O‘zim borib ko‘rib kelarman, — deydilar onam o‘zlari yashayotgan sharoitga bir kunga borishimni ham xohlamay...
— Xola, shaharda svet o‘chmaydimi? — so‘raydi qishloqdagi qo‘shnimizning o‘g‘ilchasi sovuqdan qizargan burnini tortib. Uning ko‘ngli uchun:
— Shahardayam svet o‘chadi, o‘g‘lim. Gaz ham o‘chadi, — deyman. «Shaharda gaz ham, svet ham bor» desam, diydirab turgan shu sho‘rlikning haqini bermayotganlardan, o‘rinda choponchasi bilan uxlashga majbur qilayotganlardan biri bo‘lib qoladigandekman...
Bolakay battar yuragimni qon qiladi:
— Unda, katta bo‘lsam, chet elga ketaman. Chet elda gazam, svetam o‘chmasakan, — deydi xuddi antiqa xushxabar aytayotgandek.
...Ketadi! Agar ahvol shunday davom etaversa, ertaga yurt bolalari «Hech bo‘lmasa, qishda odamdek yashayman-ku», deb ketadi chetga. Vazirlari «yuz foiz elektr bilan ta’minlayapmiz» deb aldamaydigan, zo‘ravonlari xalqning haqini yemaydigan joylarga ketadi. Shuncha ketganlar kamdek, yana ketadi!..
...Gazetamizning asosiy obunachilari — qishloqlarda. Men qishda gazitda nima yozishni bilmayman. Aqlli gaplarni yozgani istihola qilaman.
Umri tugayotganiga emas, gaz balonidagi gaz tugayotganiga ko‘proq kuyadigan; qorong‘uda, sovuqda o‘choqboshida chiroq yoqib ovqat pishiradigan; besh-olti jon bir sandalga tiqilib uxlaydigan;
besh-o‘n daqiqaga svet yonsa, sevinchdan qichqirib yuboradigan; bolalarim shamollab qolmasin deya kechasi bilan pechkaga tappi yoqib chiqadigan odamlarga aql o‘rgata olamanmi?!
Bunaqa paytda ularga ma’naviyatdan gapirishga haqqim bormi?!
Biz ko‘rgan yomon tushini ham yaxshilikka yo‘yadigan xalqmiz. Boshimizga kelgan har qiyinchilikka «Bunda ham bir xayr bordir», deya sabr qilamiz. Lekin bu degani, bizni istagancha qiynash, istagan ko‘yga solish mumkin degani emas.
Ayniqsa, bolalarimizni Vatandan bezdirishga hech kim haqli emas!
Dilfuza Komil
(ijodkorning telegram tarmog‘idagi kanalidan olindi)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter