Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vaqf». «Malibu mojarosi»ga oydinlik kiritildimi?

«Vaqf». «Malibu mojarosi»ga oydinlik kiritildimi?

Foto: «Azon.uz»

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi uchun qimmatbaho «Malibu-2» xizmat mashinasi xarid qilinishi bilan bog‘liq shov-shuvlar kechadan buyon tingani yo‘q. Masalaga izoh berishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi (O‘MI) sukutni ravo ko‘rdi, fond rahbari birinchi o‘rinbosarining vaziyatga oydinlik kiritishga qilgan harakati esa navbatdagi muhokamalarga sabab bo‘ldi, xolos. Ya’niki, aytilishicha, fond uchun «Malibu-2» sotib olingani rost, illo ulov xayr-ehson pullariga emas, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ajratgan mablag‘ hisobiga xarid qilingan.

Xo‘p, tushunarli. Biroq savol tug‘iladi: O‘zbekiston Musulmonlari idorasining o‘zi qanday moliyaviy manbalar hisobiga faoliyat yuritadi? Diniy idora tijorat yoki davlat organi emas. Aksincha, nodavlat notijorat jamoat tashkiloti hisoblanadi. Bu toifadagi tashkilotlar homiylik va xayriya hisobiga kun ko‘rishi ma’lum. Bundan anglashiladiki, aylansak ham, o‘rgilsak ham «Malibu-2»ning moliyaviy manbasi saxovatpeshalarning muruvvatiga borib taqalaveradi.

Mayli, O‘MI rahbariyati fond raisining qimmatbaho mashinada yurishini ma’qul va maqbul deb bilibdi, bunga qonun ham izn berar-a balki? Ammo arzonroq mashina olishga sharoit va imkoniyat bo‘laturib, naq «Malibu-2»ga yuzlab million so‘m sarflash qanchalar maqsadga muvofiq?

Bu isrofga kiradimi yoki riyoga — bu endi katta savol!

Din xodimlari kamtarlig-u kamsuqumlikda boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelganlar. Shunday bo‘lyapti ham. Biroq «Malibu-2»ga bog‘liq shov-shuvlar ularning mavqeiga soya solishi bilan bir qatorda, ayrimlarda muqaddas dinimiz haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanishi ehtimolini ham yuzaga keltiradi.

Masalaning eng og‘riqli nuqtasi shunda!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring