Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

USAID’dan maxsus dastur: besh yil ichida ishlar besh bo‘ldimi?..

USAID’dan maxsus dastur: besh yil ichida ishlar besh bo‘ldimi?..

Foto:«USAID»

USAID – AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish dasturining muvaffaqiyatli yakuniga bag‘ishlangan tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Virtual tarzda o‘tgan marosimda Qo‘shma Shtatlarning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozemblyum, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev, agentlik vakolatxonasi xodimlari va xalqaro donorlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Tadbirda agentlikning qishloq xo‘jaligi dasturi doirasida uzoq yillardan beri hamkorlik qilib kelayotgan davlat va xususiy sektor vakillari ham qatnashdi.

«O‘zbekistondagi bog‘dorchilik sohasi USAID ko‘magi natijasida so‘nggi besh yarim yilda shubhasiz yanada mustahkamlanib, raqobatbardoshligi oshdi. USAID ko‘magida o‘zbek korxonalari yangi texnologiyalar va qishloq xo‘jaligining yangi amaliyotlarini joriy qildi va strategik investitsiyalarni jalb qilish orqali o‘z faoliyatini kuchaytirdi. Bundan tashqari, loyiha hamkorlarining chet elga meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi 2015-yildan beri 250 foizga o‘sdi, o‘zbek fermerlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi daromadi esa 2 barobardan ziyod oshdi», – dedi tadbirda so‘zlagan elchi Deniel Rozemblyum.

Foto:«USAID»

Xususan, qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish loyihasi ishga tushirilgach, yuqori qo‘shimcha qiymatli tijoriy bog‘dorchilikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat va xususiy sektor bilan hamkorlik mustahkamlandi. Dastur davomida ta’minot zanjirining barcha ishtirokchilari, shu jumladan, meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash, sovitish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi 510 tashkilot va korxonalarning ta’minot zanjirini mustahkamlash uchun o‘zaro robita o‘rnatildi. Shuningdek, eksport qiluvchilar chet ellik xaridorlar bilan aloqa o‘rnatishi va yangi bozorlarga chiqishi yo‘lga qo‘yildi.

Dastur orqali USAID mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasining xususiy sektoriga 23 million AQSh dollari miqdorida sarmoya jalb qildi. Natijada bog‘dorchilik yerlarining 11,4 foizida qishloq xo‘jaligi amaliyotlari yaxshilandi va soha ishlab chiqaruvchilarining 55,1 foizi yangi amaliyot o‘zlashtirishiga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, mutaxassislar va dastur faoliyati doirasida paydo bo‘lgan yangi 75 maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan birgalikda mahalliy hamkorlari uchun 100 ming soatdan oshiq trening mashg‘ulotlari tashkil qildi. Ushbu treninglar davomida yozib olingan videolavhalar YouTube saytiga ham joylashtirildi va hozirgacha 4 million martadan ortiq ko‘rildi.

O‘zbekiston YaIMda qishloq xo‘jaligi ulushi salmoqli ekani, aholining katta qismi agrar sektorda band ekani ma’lum. USAID mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi sektorini diversifikatsiyalash, tizimga ilg‘or usul va uslublarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoriga chiqishiga ko‘mak berib kelmoqda.

Yaqinda ham USAID tomonidan butun dunyo bo‘ylab potensial xaridorlarga qimmatli axborot tarqatish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi meva-sabzavot eksport qiluvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma nashr etildi.

To‘plamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi 120 dan ortiq eksport qiluvchiga doir batafsil axborot jamlangan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Amerika xalqi USAID orqali 1993 yildan beri O‘zbekistonga 500 million AQSh dollaridan ortiq sarmoya kiritdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring