Urush. Ko‘zi ojiz holida erini uylantirgan ayol taqdiri...
Bu yilgi Xotira va qadrlash kuni barchasidan ham ajoyib va o‘ta mas’uliyatli tarzda kutib olinmoqda. Davlat rahbarining sa’y-harakati bilan sobiq Xalqlar do‘stligi maydonining nomi hamda maydonning ko‘rki bo‘lgan Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlab o‘rnatilgan monumentning qayta tiklanishi barcha o‘zbekistonliklarning qalbida iftixor, ehtirom tuyg‘ularini junbushga keltirdi. Zero, Xotira va qadrlash kuni nafaqat urush qatnashchilari, mehnat qahramonlari yo‘qlanadi, vatan tinchligi yo‘lida jonini fido etgan qahramonlarimiz yodga olinadi, balki inson uchun mehr-oqibat, qadr-qimmat tuyg‘ulari naqadar zarurligi yana bir bor yoshlarga tushuntiriladi.
Xotira juda muqaddas tuyg‘u. Biz avvalo xotirani bu dunyodan o‘tib ketgan bobolarimiz, momolarimiz va boshqa qarindoshlarimizni yodga olishdan boshlaymiz. Bolaligidan xotiraning mohiyatini anglab ulg‘aygan insonlardan aslo yomonlik chiqmaydi. Onamning otasini ko‘rmaganman, u kishi Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan. Lekin hech qachon ko‘rmagan bobom haqida doim o‘ylayman: u kishi qanday inson bo‘lgan ekan, qay bir qarindoshimizningfe’l-atvori, chehrasi u kishiga tortgan ekan deya qiziqaman.
O‘zim ko‘rmagan bobomga qiziqishimga sabab shuki, bolaligimda onam bizlarni Mustaqillik maydoniga (u vaqtlarda Qizil maydon deb atalardi) olib borardi. U paytlari «Motamsaro ona» haykali o‘rnida «Noma’lum soldat» monumenti joylashgan bo‘lib, atrofiga 1941 — 1945-yillarda qirg‘inbarot janglar bo‘lgan shaharlarning nomi bitilgan xarsanglar o‘rnatilgandi. Ziyoratga keluvchilarning yaqinlari qaysi shaharda halok bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha shahar nomi yozilgan tosh tepasiga borib guldasta qo‘yishardi. Onam doim «Stalingrad» deb yozilgan tosh yoniga gul qo‘yardi-da, ko‘zlarini yumgancha pichirlab Qur’on tilovat qilardi. Biz bolalar onamning ko‘zlaridan oqib tushayotgan yoshni ko‘rib ko‘nglimiz ezilgancha, kaftlarimizni duoga ochib o‘tirardik.
– Oyi, bu yerga bobom ko‘milganmi? – deb so‘rardim har safar hikoya tinglashga qiziqib.
– Ha, otam urushda qahramonlarcha halok bo‘lgan. Undan so‘nggi bor xat kelganida Stalingradda edi. So‘ng otamning bedarak yo‘qolgani haqida qoraxat olganmiz. Otam o‘zga yurtlarda qon kechib, o‘sha yerlarda qolib ketdi, –deya hikoya qilardi onam. – Urushda tog‘alarim, amakimlarim ham halok bo‘lishgan. Bir kun kelib ulg‘ayasizlar, men bu dunyodan o‘tganimdan keyin ham shu yerga kelinglar, halok bo‘lgan ota-bobolaringizning haqiga Qur’on tilovat qilinglar...
Yillar o‘tib ulg‘aydim, o‘zim ham bolalarimni tez-tez ziyoratga olib boradigan bo‘ldim. Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. O‘shanda o‘g‘lim olti, qizim to‘rt yoshda edi. Bolalarim bilan «Stalingrad» nomi bitilgan monument yonida o‘tirib, urushda halok bo‘lgan bobomning ruhiga atab Qur’on tilovat qildim. Ma’yuslanib qolganimni ko‘rgan o‘g‘lim:
– Oyi, nega yig‘layapsiz? – deb so‘radi.
– Bu yerda urushda halok bo‘lgan katta bobonglarning tuprog‘i bor, – deb urush haqida gapirib berdim. Xayol bilan xiyobondan uzoqlashdim, qarasam bolalarim yonimda yo‘q. Ortimga o‘girildim, ular ikkalasi monument shapkasini ikki tomonidan jon holatda tortqilashardi. Oldilariga borib, «Nima qilayapsizlar, hozir qorovul kelib qoladi?» desam, qizim:
– Katta bobomning shapkasini uyimizga olib ketaylik! – desa bỹladimi…
Bolalarimning soddaligidan, mehribonligidan, katta bobolarining shapkasini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga urinayotganidan ko‘zlarimga yosh keldi.
Demak, o‘sha vaqtda bolalarimning qalbida o‘tib ketgan ajdodlariga nisbatan hurmat, ehtirom paydo bo‘lgandi.
Men bobomni ko‘rmagan bo‘lsam-da, onamning onalarini ko‘rganman. U kishi juda ham sodda, mehnatkash, kamsuqum, bellari bukchayib yuradigan ayol edi. Keyinchalik ulg‘ayib, hayotning past-balandini taniganimdan keyin sodda deb o‘ylagan buvijonim nihoyatda matonatli, sabr-toqatli ayol bo‘lganini anglab yetdim. Bobom urushga ketganda buvim 23 yoshda bo‘lib, besh bola bilan qolgan ekan. Urushning eng qirg‘inbarot yillarida odamlar ocharchilikdan shishib o‘layotgan vaqtda kimdir buvimga «Bolalaring juda kichkina, ochlikdan o‘lib qolishlari mumkin. Yaxshisi Sayram qishlog‘iga ketinglar. U yerda yong‘oqzorlar, jiydazorlar serob. Shular bilan qornini to‘ydirasan» deb maslahat bergan ekan. Buvim yosh bolalarni yetaklab, Toshkentdan Sayramgacha yayov ketgan ekan. Yo‘l-yo‘lakay tunlari qozoqlarning o‘tovlarida tunashgan. Urushdan keyin ham buvim turmushga chiqmagan, bir o‘zi kolxozda tunu kun mehnat qilib bolalarini ulg‘aytirgan.
Otamning otasi ham urushga borgan va yarador bo‘lib qaytib kelgan. Urushdan keyingi og‘ir damlar. Odamlar o‘zlariga kelgunicha erta-yu kech tinmay mehnat qiladigan qiyin kunlar. Ayni urushdan yarador qaytgan bobomga parvarish kerak bo‘lgan vaqtda otamning onasi bo‘lgan buvimning ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan ekan. Shunda buvim otamga «Otanglar juda qiynalib ketdi, yarimjon holida sizlarga qarasinmi, ishlasinmi yoki meni parvarishlasinmi? Bir yaxshi, soliha ayol topib otanglarni uylantirib qo‘yinglar» debdi. Otam, amakilarim bobomni uylantirib qo‘yishgan.
Ikkita kundosh bir-biriga opa-singilday mehribon bo‘lishgan va farzandlar o‘gay onani «kichkina oyi» deb chaqirishgan. Bobom, buvim olamdan o‘tib ketishgandan keyin ham barchasi «kichkina oyi»ni o‘z onalaridek qadrlab, o‘lganida izzat-ikrom bilan qabrga qo‘yishgan.
O‘ylab qolaman, nima uchun buvim besh bolaning parvarishini bir o‘zi yelkasiga olgan? Axir endigina beva qolganida juda yosh bo‘lgan-ku. Endi bilsam, buvim bobomning xotirasini yuragiga muhrlagan ekan.
Nima uchun hayot tashvishlarini deb ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan buvim o‘z xohishi bilan bobomni uylantirib qo‘ygandi? Endi bilsam, buvim urushda qon kechib, yarimjon bo‘lib kelgan erini o‘ylagan. Qolgan hayoti tinch-osuda o‘tishini istagan ekan.
Yaqinda Xotira maydoniga bordim. Atrof qanchalar go‘zal, saranjom-sarishta, fayzli. O‘rindiqqa o‘tirib, barcha o‘tganlarning haqqiga Qur’on tilovat qildim. So‘ng gullarni tomosha qilgancha Motamsaro ona haykali ro‘parasiga bordim. Shu payt o‘n besh chog‘li yigit-qizning qiyqiriqlari, baqir-chaqirlari eshitildi. Ular xiyobonga kirib kelisharkan, qo‘l telefonlaridan suratga olishar, hazil-mutoyiba, askiyabozlik qilishardi. Ularning ahilligiga, quvnoqligiga xavasim kelsa-da, biroz xafa bo‘ldim. Chunki ziyoratgohga kelgan odam tovushini baland chiqarmasligi, ovoz chiqarib kulmasligi kerakligini ularga hech kim tushuntirmaganmi?
Yonimdan o‘tib ketisharkan, oldilarini to‘sdim. Hayron bo‘lgancha to‘xtab, salom berishdi.
– Bolalar, bu yerga nimaga keldingiz? – deb so‘radim.
Ular bir-birlariga qarab olishdi.
– Tomosha qilishga keldik, xola. Shaharga kelganlar shu yerda suratga tushisharkan, esdalikka.
– Juda yaxshi ish qilibsiz, bolalar. Faqat bu yer ziyoratgoh ekanini bilmasmidingiz?
– Bilardik.
– Ziyoratga kelganda birinchi bo‘lib o‘tganlar haqqiga duo o‘qiladi. Motamsaro ona haykali tepasiga kelganda esa urushlarda bizlar uchun, vatan uchun jonini fido qilganlar xotirlanadi, – deb tushuntirdim.
Xayriyatki, o‘smirlar gaplarimni diqqat bilan tinglashdi. Mendan uzr so‘rab, o‘rindiqlarga borib o‘tirisharkan, o‘tganlar xotirasi uchun sukut saqlashdi. Men esa ularga xalaqit bermaslik uchun yo‘limda davom etdim.
Ha, ajdodlar ruhini shod etish uchun avvalo ularning xotirasini hurmat qilishimiz shart!
Maqolam so‘ngida O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» romanini yodga olgim keldi. Ko‘chirib keltirilgan yuzlab bolalar orasidan ikki bolaning qizil lavlagini talashib yeyishlari lavhasini ta’sirlanib o‘qiganimda juda yosh edim. Och-nahor, ota-onasiz qolgan bolalarga juda rahmim kelib ketgandi. Uyimizda hamma narsa borligini, dasturxonimiz nonga hamisha to‘laligini ko‘rib ich-ichimdan suyungandim. Endi bilsam vujudimdagi suyunish shukronalik tuyg‘usi ekan. Rahmatli yozuvchining aynan shu asari meni tarbiyaladi. Hayotimda qiyinchiliklarga uchraganimda shu voqeani esga oldim. Farzandlarim katta bo‘lguncha o‘sha lavlagi voqeasini qayta-qayta so‘zlab berishdan charchamadim.
U kunlarni unutmasligimiz kerak!
Ra’no Mahmudova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter