Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Jumaniyozov: Ayrim dorixonalarga keskin chora ko‘riladi

Ulug‘bek Jumaniyozov: Ayrim dorixonalarga keskin chora ko‘riladi

Foto: «Maps.yandex.ru»

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aholi soni va kasallanish darajasining uch yillik statistikasiga qarab, eksport qilinadi. Masalan, birgina «Tropikamid» dori vositasini oladigan bo‘lsak, ushbu preparat ko‘z kasalliklari shifoxonalarida diagnostika qilish va boshqa muolajalarda ishlatiladi. Ushbu farmatsevtik mahsulot ijtimoiy dorixonalarga qat’iy belgilangan miqdorda olib kelinadi va bemorlarga faqatgina retsept asosida beriladi. Ko‘cha-ko‘yda va ayrim dorixonalarda noqonuniy sotilayotgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yurtimizga kontrabanda usulida olib kiriladi va sotiladi.

— Ma’lumki, 2019-yil 6-sentyabrda Prezidentimizning «Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan, — deydi Respublika Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar bo‘limi rahbari Ulug‘bek Jumaniyozov. — Unga ko‘ra 2019-yil 1-dekabrdan boshlab tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Biroq, afsuski, o‘rnatilgan ushbu tartibga qaramay, bugungi kunda retseptsiz berilmaydigan, faqat ruxsatnomasi bor dorixonalardagina sotiluvchi bu dorilar turli noqonuniy yo‘llar bilan yoshlarimiz qo‘liga borib qolmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, ularning noqonuniy savdosiga chek qo‘yish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Toshkent shahar bo‘linmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari o‘zaro hamkorlikda yil boshidan beri bir necha bor tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

— Xususan, ana shunday tadbirlarda poytaxtimizdagi Yunusobod  tumani Osiyo ko‘chasida joylashgan «Aziza pharmacy plus» MChJ,   Chilonzor tumanida joylashgan «Farm luks» MChJ,  «Atsefenak farm», «Gulshana pharm servis» MChJ, Uchtepa tumanida joylashgan «Impulus farm trade», «City open», «Farm standart navoiy» MChJ, Shayxontoxur tumanida joylashgan «Salus oniko» MChJga qarashli qator dorixonalarda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi amalga oshirilgan, — deydi U. Jumaniyozov. — Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda mazkur dorixonalar egalarini javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga ular bo‘yicha taqdimnomalar kiritilgach, belgilangan tartibda dorixonalar litsenziyasi olib qo‘yiladi hamda 3 yil davomida javobgar shaxsga litsenziya berilishi va muassasada dori-darmon savdosini amalga oshirilishi taqiqlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring