Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Turon cho‘llari» UNESCO ro‘yxatiga kiritildi (foto)

«Turon cho‘llari» UNESCO ro‘yxatiga kiritildi (foto)

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Umumjahon merosi qo‘mitasining 45-kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston uchun yana bir tarixiy muhim voqea sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston ishtirokidagi «Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari» transchegaraviy tabiat ob’yekti UNESCO ning Umumjahon tabiiy merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritildi.

«Bu ekotizim o‘zining noyobligiga qaramay, haligacha UNESCOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilmagandi. Bunday nominatsiyaning uch davlat tomonidan tayyorlanishi mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi», — dedi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu nomzodnomaning mamlakatimizga tegishli qismi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tayyorlangan.

«Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari» Umumjahon tabiiy merosi ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistonning qatnashgan ikkinchi ob’yekt hisoblanadi. 2016 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi «G‘arbiy Tyan-Shan» ob’yekti ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.

E’tiborli jihati shundaki, yangi ob’yekt UNESCO ro‘yxatidagi mo‘’tadil cho‘llar toifasiga kiradigan birinchi ob’yekt hisoblanadi. Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism — Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat.

«Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari»ning UNESCO ro‘yxatiga kiritilishi hududning 1972 yilgi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi muhofazasida bo‘lishini taqozo etadi.

Bundan tashqari, ob’yektlarni samarali boshqarish, ulardagi flora va faunani saqlash va ilgari surish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, tatbiq qilish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring