U qon to‘kadigan joy emas — Turkiyadagi «Kolizey»dan «Xabar.uz» reportaji (foto)
Mamlakatimizning bir guruh jurnalist va blogerlari Turkiyada xizmat safarida bo‘lib, ushbu davlatning «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasida ishtirok etmoqda. «Xabar.uz» muxbiri ana shu safarning uchinchi kungi taassurotlari haqida xabar beradi.
Istanbuldan Antaliyaga
OAV vakillari mazkur shaharlarga bejizga taklif qilinmadi. Sababi ayon: Istanbul va Antaliyada turizm industriyasi o‘ta rivojlangan. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi aynan mazkur shaharlarda to‘liq amaliyotga tatbiq etilgan. Loyihaga ko‘ra, mamlakatda pandemiya sharoitda turizm sohasini yana xavfsiz holatga qaytarish uchun shu sohadagi davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari nazorati ostida pandemiya tarqalishining oldini olish va turistik faoliyatni xavfsiz ravishda amalga oshirish maqsadida Pandemiya, sog‘liqni saqlash va gigiyena qo‘mitasi tashkil etildi. Havo, yer usti va dengiz orqali qatnovlar, shuningdek, sayyohlik ob’yektlari, ichimliklar va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha kompleks yo‘l xaritalari ishlab chiqildi.
Mamlakatda eng mashhur tarixiy qadamjolar, diqqatga sazovor go‘shalarning har birida koronavirus pandemiyasidan kelib chiqqan holda chora-tadbirlar belgilab olindi.
Turkiya madaniyat va turizm vazirligi 2020-yilning yoz mavsumidan amalga kiritilgan «Sog‘lom turizm sertifikati» dasturini ishlab chiqqan bo‘lib, u to‘rtta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: «Yo‘lovchilar salomatligi va xavfsizligi», «Xodimlar salomatligi va xavfsizligi», «Ob’yektlardagi ehtiyotkorlik choralari», «Transport sohasidagi ehtiyotkorlik choralari». Bosfor bo‘g‘ozida «Transport sohasidagi ehtiyotkorlik choralari» — havo, yer usti va dengiz transportlarida qo‘llaniladigan qoida va tadbirlar kompleksi to‘liq amal qiladi.
Antaliya degani faqatgina turizm emas...
Ikki yarim millionlik aholiga ega go‘zal Antaliya faqatgina sayohlarning sevimli maskani emas. Bundan o‘ttiz yillar oldin u mamlakatning oddiygina hududi edi. O‘sha paytdagi davlat rahbari To‘rg‘ut O‘zolning qa’tiyati sababli turizmga keng yo‘l ochildi.
Antaliya butun mamlakatga sabzavot mahsulotlari yetkazib beradi, hatto bu yerda yetishtirilgan pomidorning 80 foizi xorijga eksport qilinadi.
Istanbuldagi sovuq ob-havodan keyin Antaliyaga borganimizda g‘arq hosilga kirgan po‘rtahol (apelsin) daraxtlarini ko‘rib hayratga tushdik. O‘lkada nafaqat po‘rtahol, balki mandarin, zaytun, anor, banan, qulpunay, paxta yetishtiriladi. Bog‘lar va dalalarni ko‘rib havasingiz keladi, dehqonchilik madaniyati o‘ta yuqori.
Zarur infratuzilma, tabiiy sharoit, mo‘’tadil iqlim, yo‘llarning ravonligi, xizmat sifatining zo‘rligi turizm rivojlanishining asosiy kafolatidir. Buning hammasi Turkiyada mavjud.
Aspendos
Antaliyadan 35 kilometlik masofada Aspendos nomli tarixiy shahar bor.
O‘sha maskanga borguncha yo‘lning ikki tarafida po‘rtaholu mandarin, anor, zaytunzorlar, issiqxonalarga ko‘zingiz tushadi. Paxta yetishtirilgan maydonlarga ishlov berish boshlangan. Atrofni qamrab olgan yashillikdan kuz fasli tugab, qish boshlanayotganiga ishongingiz kelmaydi, ammo bu haqiqat.
Aspnendos antik shahrida bag‘riga 20 mingdan ortiq tomoshabinni sig‘dira oladigan qadimiy teatr bor. Ko‘rinishidan u Italiyadagi Kolizey — gladiatorlar jangga chiqadigan sahnani eslatadi. Ammo u qon to‘kadigan joy emas. Haqiqiy san’at ob’yekti.
Yunon arxitektori Zenon tomonidan barpo etilgan ushbu teatr majmuasi dastlab karvonsaroy vazifasini o‘tagan. Hozir u Turkiyaning qadimiy yodgorliklaridan biri. Mazkur binodan yirik bayram va konsert dasturlari o‘tkazishda foydalanib turiladi.
Perga
Antaliya hududida antik madaniyat qoldiqlariga tegishli yettita ob’yekt bor ekan. Ulardan biri Perga qadimiy shahri. Ushbu antik shaharda ham teatr bor. Ammo u Aspendosgidek katta emas.
Pergada saroy, hammom, bozor, juda ko‘p ustunlardan iborat keng maydon, devorlar, kanalizatsiya quvurlari qoldiqlari saqlanib turibdi va bu qadimiy inshootlar hali-hanuz sayyohlarni hayratga solib kelmoqda. Aytishlaricha, ushbu shaharni ham rimlik va yunonlar barpo etgan.
Hamma sayyohlik ob’yektlarida bu yerga tashrif buyuruvchilar va ularga xizmat ko‘rsatuvchilarning sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Sayohatimiz davom etadi. Keyingi materiallarimizda Antaliyadagi qariyb 300 yillik tarixga ega, hozir ham yaxshi saqlanib qolgan uylar va O‘rta yer dengizi sohilidagi portlar haqida hikoya qilamiz. Bizni kuzatib boring.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter